Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bolalarni har kuni maktab ostonasida kutib olib, ularga bilim va tarbiya berayotgan oʻqituvchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Bolalarni har kuni maktab ostonasida qarshi olib, ularga tafakkur qilishni, oʻziga ishonishni, oʻzgalarni hurmat qilishni hamda Vatanni sevishni oʻrgatadigan insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildirmoqchiman», - dedi u.

Saida Mirziyoyeva Oʻzbekistonda ustozlarga doimo alohida ehtirom koʻrsatilganini qayd etdi.

«Ushbu qadriyatni asrab-avaylashimizni va keyingi avlodlarga ham singdirishimizni juda ham xohlayman», - deya taʼkidladi u.

Tabrik yakunida Mirziyoyeva ustozlarga ezgu tilaklarini yoʻlladi:

«Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz Ustozlar. Shogirdlaringizga nimaiki yaxshilik qilgan va qilayotgan boʻlsangiz, oʻzingizga yuz barobar qaytsin».