Siriya armiyasi shanba kuni isyonchilar yurishi boshlanganidan buyon bergan ilk rasmiy bayonotida suriyalik o‘nlab harbiylar mamlakat shimoli-g‘arbidagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lgani aytiladi.
Manbalarga ko‘ra, muxolifatchi kuchlar bosqini shu qadar katta bo‘lganki, hukumat armiyasi ayrim joylarda hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan va ko‘plab harbiy texnikalarini qoldirgan holda qochishga majbur bo‘lgan.
«Terrorchilar soni ko‘pligi va front kengligi qurolli kuchlarimizni hujumni qaytarish, tinch aholi va harbiylar hayotini saqlab qolish hamda qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun mudofaa chizig‘ini mustahkamlashga qaratilgan qayta joylashtirish amaliyoti o‘tkazishga undadi», — deyilgan armiya qo‘mondonligi bayonotida.
Qarorgohi Britaniyada bo‘lgan Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR) ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni isyonchilar yurishi boshlanganidan buyon 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan 20 nafari tinch aholi vakillaridir.

Rossiya aviatsiyasi 2016 yildan buyon ilk bor Bashar Asad kuchlarini havodan qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jumadan shanbaga o‘tar kechasi Halabning ayrim hududlari to‘xtovsiz o‘qqa tutilgan.
Rossiya hukumati zarbalar oqibatida Asadning muxolifatchilari bo‘lgan 300 dan ortiq qurolli kishi yo‘q qilinganini iddao qilgan, ammo bu ma’lumot boshqa mustaqil manba orqali tasdiqlanmagan. Qayd etish kerakki, Ukrainadagi urush davomida rossiyalik harbiylar bergan bayonotlarning aksari keyinroq haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi.
SOHR ma’lumotiga ko‘ra, isyonchilar allaqachon Halab aeroportini hamda atrofdagi o‘nlab shahar va qishloqlarni egallagan.
Shuningdek, Suriyadan isyonchilar navbatdagi yirik shahar Hama tomon yurish qilayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Ushbu shahar avvaldan isyonchilar nazoratida qolayotgan Idlib viloyatidan janubda joylashgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Hama markazidan 20 kilometr masofada shiddatli janglar bo‘lib o‘tmoqda. Internetda Suriya hukumati qo‘shinlari kolonnasi Hamani shoshilinch tarzda tark etib, Homs shahri tomon ketayotgani aytilgan kadrlar paydo bo‘ldi (lekin bu video haqiqiyligi hozircha tasdiqlanmagan).














