23 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi tomonidan prezidentning «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda yangi qabul qilingan farmonning mazmun-mohiyati muhokama qilindi.
Kun.uz muxbiri «2021 yil 8 iyundagi prezident farmoni bilan hokimlarning yerni olib qo‘yish vakolati tugatilgan edi, ammo hozirgi yangi farmonda yilning oxirigacha istisno berilmoqda, sababi nima? Axir bu «yilning oxirigacha foydalanib qol» degandek bo‘lyapti-ku», degan savol bilan rasmiylarga yuzlandi.
Adliya vazirining o‘rinbosari Alisher Karimovning ma’lum qilishicha, yil oxirigacha noqonuniy foydalanishda bo‘lgan, qog‘ozda ko‘proq yoki kamroq ko‘rsatilgan yer uchastkalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning egalik huquqini rasmiylashtirish uchun yangi norma kiritilgan.
«6243-sonli prezident farmoni yer sohasidagi islohotlarni belgilab beruvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Farmonga ko‘ra, tuman-shahar hokimliklarining yer ajratish bo‘yicha vakolatlari to‘liq bekor qilingan, ya’ni ushbu qarorda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlar haqida gap ketyapti, bunday yerlar ochiq auksionda sotilishi belgilangan. Yangi farmonda ham yil oxirigacha hokimliklarga qo‘shimcha vakolat berilmayapti. Xalq deputatlari tuman kengashi, ya’ni vakillik organlari yil oxirigacha davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan yer uchastkalari bo‘yicha bir qator choralar ko‘rishi belgilanmoqda.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish degani noqonuniy foydalanishda bo‘lgan, qog‘ozda ko‘proq yoki kamroq ko‘rsatilgan va shu kabi yer uchastkalarini qayta ko‘rib chiqib, yil oxirigacha egalik huquqini rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Agar noqonuniy egallangan yer bo‘lsa, zaxiraga qaytarish ko‘zda tutilyapti. Zaxiraga qaytarilganda kelgusida kadastr organlari qishloq xo‘jaligida foydalanayotgan yer uchastkalarini rasmiylashtirib beradi. Shu ma’noda bu normani ortga qaytish emas, balki qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan sub’yektlar manfaati uchun kiritilgan deyish mumkin», dedi Alisher Karimov.
Kun.uz muxbiri «Yer ijara xuquqini boshqa shaxsga o‘tkazish tartibi qanday bo‘ladi, hokimlar bu ishga aralashadimi yoki notarial tartibda va DXM orqali rasmiylashtiriladimi» , degan savol bilan holatga aniqlik kiritishni so‘radi.
Adliya vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ijaraga olingan yer uchaskasini qayta ijaraga berishda hech qanday davlat organlaridan ruxsat olishi shart emas.







