Reuters agentligi 20-oktabrga oʻtar kechasi ismi oshkor qilinmagan manbalarga tayanib xabar berishicha, Oslodagi muzokaralar 19–25-oktabr haftasida oʻtkazilishi kutilmoqda.
Uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Stiv Uitkoffdan tashqari Norvegiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Yevropa Ittifoqi hamda NATO vakillari qatnashishi rejalashtirilgan.
Shundan soʻng Uitkoff Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga yoʻl olmoqchi. Manbalarga koʻra, muzokaralarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan birga, Rossiya qamogʻidagi 73 yoshli amerikalik Stiven Habbardni ozod qilish masalasi ham koʻtarilishi mumkin. Habbard yollanma jangchilik va Ukraina Qurolli kuchlari safida xizmat qilishda ayblanib, Rossiyada sudlangan.
Odatda Uitkoffga muzokaralarda hamrohlik qiladigan, AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner bu safar shaxsan ishtirok etmasligi mumkin. Reuters suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Kushner betob boʻlib, uchrashuvlarga onlayn ulanishi ehtimoli bor.
Agentlik manbalari safar va uchrashuvlar rejasi hali yakuniy emasligini taʼkidlagan. AQSH rasmiylari bu maʼlumotlarga hozircha izoh bermagan.
Zelenskiy 19-oktabr kuni Ukraina va AQSH muzokarachilari yaqin kunlarda Norvegiyada uchrashishi mumkinligini aytgan, biroq oʻzining ishtirokini maʼlum qilmagan. U 18-oktabrda Uitkoff va Kushner bilan telefon orqali muloqot qilgan edi.
















