17 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Kitob olami” markazida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan “Mehmon tuyg‘ular”, “Falak”, “Zulmat saltanati” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi.

Uchrashuvda Tohir Malik muxlislarning savollariga atroflicha javob berib, qimmatli maslahatlar berdilar. Ziyouz.com portalida mazkur suhbatning to‘liq matni va audio shakli e'lon qilindi.

— Yozuvchining asar yozishdan maqsadi, niyati qanday bo‘lishi kerak?

—Har sohada ham avvalo, niyat xayrli bo‘lishi kerak. Qaysi ish bo‘lmasin, agar undan moddiy manfaat olish niyat qilinsa, uning oxiri yaxshi bo‘lmaydi.

Menda ham biron asar yozishdan avval undan moddiy foyda olish niyati bo‘lmagan. Men nimaiki o‘qib-o‘rgangan bo‘lsam, hammasini siz kitobxonlarga qaytarish niyati va bu yo‘lda Alloh rizoligini istash bor.

Ba'zilar adabiyot nasihatga aylanmasligi kerak, deydi. Mening asarlarimni ham tanqid qiluvchilar ko‘p. Nega adabiy asarlarida Qur'ondan oyat, hadis keltiradi, «bismilloh» bilan boshlaydi, deyishadi.

Unda Alisher Navoiyni ham tanqid etamizmi? Axir, hazratning har satri hikmat-ku! Adabiyot asli «Odobul kulliyot» (odoblar kulliyoti) deyiladi-ku! Adabiyot odamlar tarbiyasiga, xalqqa Allohning buyruqlarini yetkazishga xizmat qilishi kerak.

— Texnologiyalar rivojlanishi bilan muloqot jarayonida o‘zbek tilining buzilish holatlari, savodsizlik kuchayib bormoqda. Bu muammoni yechishda qanday amaliy ishlar qilinmog‘i kerak?

— Til eng ulug‘ ne'matlardan biri. Bugun ziyolilar, ota-onalar yosh avlodning savodxonligidan tashvishga tushmoqdalar. O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganda barcha xursand bo‘lgan edi. O‘sha paytlar odamlar asosan ruscha qo‘shib gapirsa, hozirda umuman tushunarsiz so‘zlar qo‘shib gapirish urf bo‘lgan. Bunday muammolar hukumat qarorlari bilan emas, insonning farosati, savodini oshirish bilan bartaraf etiladi.

Haqiqatan, tilga e'tibor — elga e'tibor. Ba'zida ma'nosini bilmagan holda so‘kinayotganlarni eshitib qolamiz. Ayol o‘z bolasini «juvonmarg bo‘lgur» deb koyiydi. Agar ma'nosini (yoshligingda o‘lib ket) bilganida bunday deb so‘kmas edi. Xalqimiz qadimdan koyish so‘zlarini ham yaxshi niyat bilan ifodalagan: «juvonmarg bo‘lmagur», «qurib ketmagur».