Xoʻjandda oʻtgan ikkinchi Fargʻona tinchlik forumida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonning yuqori darajadagi vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda oʻndan ortiq davlat delegatsiyalari qatnashdi. Kun.uz muxbiri 28-29 sentabr kunlari forumni Xoʻjanddan yoritdi. Unda hududlararo hamkorlik, oʻzaro ishonch, suv va energetika masalalari hamda Xoʻjand deklaratsiyasining amaliy ahamiyati muhokama qilindi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning taʼkidlashicha, Xoʻjand shahrida oʻtkazilayotgan Fargʻona tinchlik forumining ikkinchi yigʻilishi Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangan. Uning soʻzlariga koʻra, forum doirasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratilmoqda.

photo_2026-09-28_15-20-27
Foto: Kun.uz

Bozorov forumni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolangan abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning amaliy ifodalaridan biri sifatida baholadi. “Eng asosiysi, bizga huquqiy maydon yaratib berilgan. Hududlararo kengash prezidentlarimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan”, - dedi Fargʻona viloyati hokimi.

photo_2026-09-28_15-20-31
Foto: Kun.uz

Uning qayd etishicha, mazkur kengash Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlari, Qirgʻizistonning Botken viloyati hamda Tojikistonning Soʻgʻd viloyati oʻrtasidagi doimiy amaliy muloqot mexanizmiga aylangan. “Shuning uchun biz deyarli har kuni aloqadamiz. Qandaydir masala boʻlsa, oʻzaro telefon orqali muloqot qilamiz yoki muayyan masalani chegarada uchrashib, joyida hal qilish imkoniga egamiz”, - dedi Xayrullo Bozorov. Hokimning fikricha, hududlararo kengash va shu kabi muloqot maydonlari uch davlatning chegaraoldi viloyatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni muntazam davom ettirish uchun imkoniyat yaratmoqda.

photo_2026-09-28_15-21-02