Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari koronavirus sabab Xitoydan evakuatsiya qilingan fuqarolar karantin holatida saqlanayotgan hududda bo‘lib, bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Vazirlik matbuot xizmati Toshkent viloyati hududidagi «Bo‘ston» sanatoriysida tayyorlangan fotoreportajni taqdim qildi. 

«Xitoydan uchta charter reys orqali yurtimizga olib kelingan fuqarolar JSST tavsiyasiga ko‘ra, 14 kun (kasallikning yashirin davri) davomida tibbiy kuzatuvga olish maqsadida maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Jumladan, «Bo‘ston» sanatoriysiga 4 fevral kuni Xitoyning Pekin shahridan olib kelingan 250 nafar fuqaro joylashgan. Mazkur tadbirlarga tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan sohaning yetakchi va tajribali mutaxassislari jalb etildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

«Xitoydagi nufuzli universitetda o‘qiyman. Koronavirus epidemiyasi tufayli, ochig‘i, boshida judayam xavotirlandim. Shunday qiyin paytda Prezidentimiz tashabbusi bilan charter reysi tashkil etilganini eshitib, rosti, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Biz joylashgan muassasada barcha zarur sharoitlar yaratilgan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta'minlangan. Kelgan fuqarolarning kiyimlarini sifatli yuvish uchun kirxona, tibbiy anjomlarni sterilizatsiyadan o‘tkazish uchun alohida punkt va avtotransportlar uchun dezinfeksiya maydoni va dezinfeksion vositalar zaxirasi yaratilgan», – deydi navoiylik Mehriddin Zoirov.

«Darhaqiqat, tibbiy kuzatuvdagi fuqarolarimizning termometriyadan o‘tkazilishi, niqoblarni o‘z vaqtida almashtirish va xonalarni shamollatish hamda namli tozalash ishlari o‘tkazilishi malakali epidemiologlar tomonidan nazoratga olingan. Yuqumli kasalliklar shifokorlari tomonidan ikki mahal tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda.