19:50 / 15.02.2021
17131

«Bizdagilar sovg‘a berishni yaxshi ko‘rishadi» – Ruslanbek Davletov voz kechilishi kerak bo‘lgan milliy an'analar haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat tashkilotlaridagi korrupsion holatlar va buning milliy mentalitetga aloqadorligi borasida fikr bildirib, milliy an'analar jamiyat rivojiga to‘sqinlik qilsa, ulardan voz kechish kerakligini ta'kidladi.

«Jamiyatda oxirgi payt korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik oshib, nafrat o‘sdi. Chunki, yangi xabarlar, shaffoflik va davlat xaridlari ochiqlana boshlagach, bu boradagi muammolar ham aniq ko‘rina boshladi. Jamoatchilik budjet puli qayoqqa sarflanganini ko‘ra boshladi.

Lekin hali shaffoflik borasida qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, davlat dasturini ko‘radigan bo‘lsak, «Ochiq va shaffof hukumat» degan dastur ishlab chiqilishi kerak, biz bunga mas'ulmiz – allaqachon loyihani ishlab chiqqanmiz», deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U bayramlar vaqtida amaldorlarga sovg‘a-salomlar berish an'anaga aylanganini tanqid qilib o‘tgan.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov

«Bizda shunaqa odat bor, yangi rahbar ishga kelsa, darrov xonasini remont qilishni boshlaydi, katta-katta xarajatlar qiladi. Mashinalar bo‘yicha qanday muammo bo‘lganini ko‘rdik. Chetga, viloyatlardagi safarlar haqida ham gapirilyapti, u yerlardagi xarajatlarni kim qoplaydi?

Shunaqa milliy an'analarimiz, qadriyatlarimiz bor. Mehmondo‘stlik deymiz, boshqa deymiz, sovg‘alar berishni yaxshi ko‘radi bizdagi insonlar. Bu yil yangi yilda ham shuni kuzatdik. Qashqadaryodan tandir keladi, Xorazmdan guruch keladi. Hamma joyda shu jarayon bo‘lib ketadi.

Milliy an'analar jamiyat rivojiga to‘sqinlik qilarkan, bu an'analardan albatta voz kechish kerak. Yillar davomida shakllangan bo‘lsa ham rivojlanish ta'sir qilayotgan bo‘lsa, baribir voz kechishimiz kerak, qadriyat bo‘lsa ham, madaniyat bo‘lsa ham.

Mehmondo‘stlik, o‘zbekchilik degan gaplarimiz salbiy kontekstda ishlatiladigan bo‘lib qolyapti. Aslida o‘zbekchilikning tagida juda beg‘ubor g‘oyalar yotishi kerak», degan u vazirlik, adliya organlari va muassasalarining 2020 yildagi faoliyati, istiqbolli rejalari to‘g‘risidagi ochiq muloqot vaqtida.

Ruslanbek Davletov amaldorlarni tarbiyalash hukumatning vazifasi ekanini ta'kidlab o‘tgan.

«Korrupsiya asosan qayerda bo‘lyapti? Davlat ishtirok etgan bo‘g‘inda, ya'ni amaldorlar bilan bo‘lyapti, shuning uchun ham hukumat o‘z amaldorlarini to‘g‘ri tarbiyalay olishi va bu signallarni jamiyatga yuborishi kerak», deya qo‘shimcha qildi u.

Top