So‘nggi vaqtlarda matbuotimizda milliy kinolarimiz haqida turli fikrlar bildirilgan maqolalar e'lon qilinib, ularda “Nima uchun bizda tarixiy filmlar yaratilmaydi”, degan haqli savol o‘rtaga tashlanmoqda. Fikrlar yaxshi. “Ming asrlar ichra pinhon” tariximiz bobma-bob kinolentalariga muhrlansa, nur ustiga a'lo nur bo‘lardi. Chunki Prezidentimiz ta'kidlab o‘tganlaridek, “Xotirasiz barkamol kishi bo‘lmaganidek, o‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo‘lmaydi”.
Bundan bir necha yillar avval “O‘tgan kunlar” kartinasining ikkinchi variantini ko‘rish ishtiyoqi tug‘ildi. Chunki nima uchundir haligacha shu filmni ko‘rmagan edim. Matbuotda ayni shu kino borasida tanqidlar ko‘p bo‘lgani sabab ko‘rishga yuragim dov bermagan edi. Lekin bu gal jur'at qilib ko‘rishga jazm qildim. Ming afsuski, kinofilmlarning CD, DVD disklari sotilayotgan biror bir “nuqtadan” “O‘tgan kunlar”ni topa olmadim. So‘rasam, “spros yo‘q” deyishdi. Xulosa qildimki, demak kartinada Otabek va Kumushlar muhabbati yuzma-yuzaki yoritilgan.
Yana bir narsa, bizda kino, deganda melodrammalar tushunilmoqda, mening nazarimda “O‘tgan kunlar”ning birinchi filmi yaratilayotganda zamon nozik edi, o‘sha vaqtda muallifning ichki dardlarini yuzaga ko‘tarishning iloji yo‘q edi. Endi mustaqillik zamonida adib nimani xohlaganini ekranga olib chiqish kerak. Yozuvchi mavzuni “moziydan, yaqin o‘tgan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lgan keyingi “xon zamonlari”dan” boshlaganini esdan chiqarish kerak emas. Bir so‘z bilan aytganda Otabek va Kumush sevgisi o‘sha zamon senzurasini chalg‘ituvchi omil bo‘lib, asoson, tarix, to‘g‘rirog‘i xonlik illatlari qalamga olingan. Kitobning “Toshkand ustida qonliq bulutlar”, “Chaqimchilik”, “Qamoq”, “Najot istab Toshkandga”, “Toshkand qamalda”, “Azizbek”, “Xukmnoma”, “Istiqlol dardi”, “Inqilob”, “Bir g‘aribi bechora”, “Musulmonqul”, “Musulmonqul istibdodiga xotima”, “Qipchoqqa qirg‘in” boblarida tariximizning eng kirlik qora kunlari qalamga olingan bo‘lib ana o‘sha tarixiy hodisalar ekran yuzini ko‘rishi kerak.
“Temur va Saroymulkxonim”, degan filmni melodrama sifatida suratga olish nahotki qiyin bo‘lsa?!. Muhammad Alining “Sarbadorlar”, Mirmuhsinning “Xo‘jand qalasi” kabi asarlari “qachon kino bo‘lar ekanmiz”, deb rejissyorlarni kutib yotishibdi. Mirkarim Osim qalamiga mansub “To‘maris”, “Shiroq”, “Jayxun ustida bulutlar”, “Ibn Sino qissasi”, “O‘tror”, “Temur Malik”, Yavdot Ilyosovning “Spitamen”, Mannop Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi” kabi asarlaridan nahotki xorijliklar ishlagan “Gladiator”, “Spartak”, “Sheryurak”, “Vatanparvar” singari filmlar yaratib bo‘lmaydi? Bo‘ladi, faqat xoxish bo‘lsa kifoya. Hozircha rejissyorlarimiz ssenariy yo‘q, deb o‘zlarini oqlashdan nariga o‘tishmayapti. Balki, milliy mafkuramizdan asar ham bo‘lmagan “Boyvachcha” kabi kinolarga mablag‘ sarflayotgan homiylar tarixiy filmlarga ham ozgina mablag‘ berishsa, haqiqiy sovg‘a bo‘larmidi?!

