Odatda uzoq uyqu ham to‘laqonli orom olishni ta'minlamaydi. Inson 8-9 soat uxlasa ham, horg‘in va charchagan holatda, kamiga bosh og‘rig‘i bilan uyg‘onadi. Holbuki o‘rin qulay, xona ham shamollatilgan, lekin siz o‘zingizni umuman uxlamagandek his qilasiz. Bu yerda yana yaqinlaringizdan shikoyat tushadi: kechasi bilan xurrak otib chiqding!
Aynan xurrak oromsiz uyquning sababidir. Tungi xurrak xavflimi va u bilan qanday kurashish kerakligi to‘g‘risida yuqori kategoriyali shifokor-somnolog Klara Zeynullovna Iskakova so‘zlab beradi.
Nima uchun tunda yomon uxlaymiz?

Xurrak – yuqori nafas olish yo‘llarining torayishi natijasida yuzaga keladigan fenomen hodisa. U tug‘ma ham bo‘ladi, ammo ko‘pincha orttirilgan muammodir. Xurrakning sababi to‘lalik, angina va tonzillitning asoratlari va boshqa kasalliklar bo‘lishi mumkin.
Uyqu vaqtida tomoq mushaklari bo‘shashadi hamda havoning o‘tishi qiyinlashadi. Mana shu holat xurrakni yuzaga keltiradi.
Xurrak uyqu vaqtida muammolar keltirib chiqaradi va u nafas olishning buzilishiga olib kelishi mumkin. Organizmga yetarli miqdorda kislorod kelib tushmasligi tufayli kislorod yetishmovchiligi yuzaga keladi.
Shuning uchun, inson to‘yib uxlay olmaydi, bosh og‘rig‘i hamda baland qon bosimi bilan uyg‘onadi. Diqqatni jamlash va xotira susayadi. Bu yurak ishemiyasi, miokard infarkti, aritmiya va insultga olib kelishi mumkin.
Xurrakning eng asosiy xavfi – nafas olishning to‘xtab qolishi, ilmiy nomi apnoe. Agar bu holat 10 soniyadan ortiq bo‘lsa, bir soat ichida 5-10 marta ro‘y bersa, demak kuchli organizm kislorod yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Bu birinchi navbatda yurak va miyaga taalluqli.
Shunday odamlar borki, 2 daqiqagacha nafas olmay qo‘yishadi. Shu vaqt ichida kutilmagan o‘limga olib keluvchi patalogiya yoki buzilish sodir bo‘lishi mumkin.
Uyqu labaratoriyasi
Xurrakni davolash ishlari bilan shifokor-somnolog shug‘ullanadi. Uning birinchi vazifasi – uyqu va nafas yo‘llarining buzilishi sabablarini aniqlashdan iborat. Buning uchun maxsus uyqu labaratoriyasi mavjud. Bu bemor o‘zini bemalol his qiladigan qulay yotoqxonadir.













