O‘zbekiston | 17:01 / 24.04.2019
42688
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi necha foiz ekani ma'lum qilindi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 2019 yilning I choragida 9,4 foizni tashkil etdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2018 yilning yanvar-dekabriga (9,3 foiz) nisbatan 0,1 foizga ko‘p, biroq 2018 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 0,3 foizga pastroq. Eng yuqori ishsizlik darajasi 9,7 foiz bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida (8,0 foiz) aniqlandi. Ishga muhtoj aholi soni 1 391,1 ming kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida 15,3 foizni, shundan 15-25 yoshlilar o‘rtasida 17,1 foizni, ayollar ishsizligi esa 13,0 foizni ko‘rsatdi.   

Mehnat resurslari miqdori mehnatga layoqatlilar sonining 183,2 ming kishiga ortgani hisobiga 18 953,8 ming aholini tashkil etdi. Bu 2018 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foizga ko‘p.

Ijtimoiy faol aholi soni 14 767,1 mingga yetgan (2018 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foiz yuqori). Bunda rasmiy ijtimoiy sektordagi bandlik 5 412,1 ming kishini tashkil qiladi. Mazkur ko‘rsatkich ijtimoiy sohada band bo‘lganlar (92,2 mingga), shuningdek, patentga ega yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlar (76,9 mingga) ortishi hisobiga 176,3 mingga (3,4 foizga) ko‘paygan.

Norasmiy sektordagi bandlik o‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan bir xilda qolgan – 7 963,9 ming kishi. Bunda vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar soni (41,9 mingga) oshgani kuzatilgan, mehnat shartnomalarisiz ishlayotganlar va maxsus ruxsatnomasiz tadbirkorlik faoliyatini olib borayotganlar soni esa umumiy olganda biroz (3,6 mingga) kamaygan.

Ijtimoiy faol bo‘lmagan aholi soni homiladorlik va tug‘ish ta'tilidagi yoki 2 yoshgacha bo‘lgan farzandlar qarovidagi ayollar (50,3 ming) ortishi hisobiga, garchi o‘z xohishiga ko‘ra band bo‘lmagan shaxslar (8,7 mingga) biroz kamaygan bo‘lsa-da, 4,186,8 ming kishini (1 foizga ko‘paygan) tashkil etdi.   

Tekshiruv natijalari chet elga ishga ketganlar soni birmuncha kamayganligini (19,4 ming) va 2 365,4 ming kishini tashkil etganligini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, 2019 yilning yanvar-mart oylarida mehnat organlariga 173 265 shaxs (ulardan 61 880 nafari 16-30 yoshdagilar) murojaat qilgan. Murojaatchilarning 61 983 nafari ishga joylashtirilgan, 49 016 nafari jamoat ishlariga jalb etilgan, 6 977 nafari kasbiy tayyorlovga yo‘naltirilgan, 3 863 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. 

Mavzuga oid