O‘zbekiston | 16:10 / 27.09.2019
258033
2 daqiqa o‘qiladi

Ixtiyor Abdullayevga hukm o‘qildi

Bugun, 27 sentabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tuzgan jinoiy uyushma a'zolari ustidan sud jarayoni yakuniga yetdi va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hukm e'lon qilindi. 

Oliy sud matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste'mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan.

Sud tomonidan jinoyatlar oqibatida davlat, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratilgan tegishli choralar belgilangan.

Ixtiyor Abdullayev 2009 yildan prezident maslahatchisi, 2015 yil aprelidan 2018 yil 31 yanvariga qadar O‘zbekiston bosh prokurori sifatida ishlagan. U 2018 yilning 31 yanvaridan 2019 yilning fevraliga qadar DXXga rahbarlik qildi. Shu yil yanvarida sog‘ligi yomonlashgani tufayli o‘z arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgani xabar qilingandi.

Keyinroq, 2019 yil bahorida unga nisbatan mansab vakolatini suiiste'mol qilish, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani ma'lum bo‘lgandi.

Kun.uz manbasining ta'kidlashicha, Ixtiyor Abdullayev tuzgan jinoiy uyushma faoliyati fosh etilishi bo‘yicha tadbirlar Prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligida amalga oshirildi.

Mavzuga oid