22:42 / 01.02.2021
5397

Senat Konstitutsiya va boshqa qonunlarga o‘zgartish kiritishni ko‘rib chiqadi

5 fevral kungi yalpi majlisda saylovlar sanasini ko‘chirish, Xalqlar do‘stligi kunini belgilash, auditorlik faoliyati va boshqa masalalarga oid qator qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisi 5 fevral, juma kuni chaqiriladi. Yuqori palata kengashi 1 fevraldagi yig‘ilishda shunday qarorga keldi.

Rasmiy relizga ko‘ra, yalpi majlisda quyidagi qonunlar ko‘rilishi kutilmoqda:

  • «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»;
  • «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»;
  • «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»;
  • «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»;
  • «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida».

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, saylovlar va referendumlar dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirilishi kutilmoqda.

Qonun Senatda ma'qullanib, prezident tomonidan imzolansa, 2021 yilgi prezident saylovi 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, 30 iyul mamlakatda Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilanishi taklif etilgan.

Yalpi majlisda 2020 yilgi davlat dasturi ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti tinglanadi.

Senatorlar videokonferens-majlisda quyidagi masalalarni ham ko‘rib chiqadi:

  • Boyovut, Bo‘ston, Olot, To‘raqo‘rg‘on, Qarshi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrini 2020–2022 yillarda rivojlantirish dasturlarining ijrosini o‘rganish natijalari;
  • ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar hamda –
  • toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy obektlar xavfsizligini ta'minlashga oid qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari va boshqalar.
Top