Jamiyat | 15:20 / 16.07.2019
69036
9 daqiqa o‘qiladi

Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...

O‘qituvchilar doimo jamiyatning oldi qatorlarida barchaga o‘rnak bo‘lib kelishgan. Ular mening tasavvurimda huquqiy savodxonlik darajasi yuqori kishilar bo‘lib, atrofdagilarga o‘z huquqini talab qilishda, nohaqlikka qarshi kurashishda ham o‘rnak bo‘lib, ham ko‘mak beradigan ziyoli qatlam vakillari edi.

Yillar o‘tdi. Muallimlar o‘zgara boshladi. Bundan ikki yil avval ko‘chada gul ekayotgan, dalada paxta terayotgan maktab o‘qituvchilarini savolga tutganimda ular xokisorlik bilan «Qalb amri va o‘z xohishlari bilan ko‘chaga gul ekkani chiqishganini, paxta xirmoniga hissa qo‘shish uchun paykalga borib etak bog‘laganlari»ni aytishgandi.

O‘shanda ular umidsizlik bilan bu javoblari saytda e'lon qilinsa ishdan haydalishlarini aytib zorlanganlarida hayron bo‘lganman.

Chunki, aynan shu kasb egalari farzandlarimizni haqiqatni gapirishga, erkin va hur fikrlashga o‘rgatadilar, axir?

O‘tgan haftada Namangan viloyati, Kosonsoy tumanidagi maktab o‘qituvchilarining «Yashil xiyobon» hududida «shanbalik» niqobi ostida eni 1,5-2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilgani haqidagi xabar tarqalib ketgandi. Biroq, tumanga borib holatni o‘rganganimizda, 2–umumta'lim maktabi direktori Muhriddin Kotibov va maktab o‘qituvchilaridan biri o‘sha yerga beton quyish uchun borilmaganiga ishontirmoqchi bo‘lishgandi. Qo‘limizdagi suratda esa direktor beton quyish ishlarida qatnashayotgani ko‘rinib turardi.

Taajjub, biz muallimlarga yordam bermoqchimiz, ular esa nega buni xohlamaydilar?

Chust shahridagi 9-maktab

Shunday holat Chustda takrorlandi. Bu yerda o‘qituvchilar maktab qurilishida javlon urib ishlayotgani ustidan chiqdik.

Ikki kun oldin Kun.uz pochtasiga aynan mana shu maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqidagi suratlar va videolavha kelgandi. Suratlar ostiga «Namangan viloyati, Chust shahar 9-maktab o‘qituvchilari mehnat ta'tili davrida majburiy mehnatga jalb qilinmoqda. O‘qituvchilar direktorning «Kelmasangiz dars soati berilmaydi», degan dag‘dag‘asidan qo‘rqib ishga chiqishmoqda. Bunday ishlar qachon tugaydi? Kim biz o‘qituvchilarni himoya qiladi?», deya izoh qoldirilgandi.

Mazkur ta'lim muassasasi Chust shahri markazida joylashgan bo‘lib, bu yil «Obod markaz» dasturi bo‘yicha bosh pudratchi «Obidjon Akmalxon hamkor» MChJ tomonidan mukammal qayta qurilmoqda.

Maktab ichiga kirib, ish jarayonini suratga ola boshladik. Binoning qurilish ketayotgan joylarida ustalar brigadasi ish olib borayotgan bo‘lsa, tashqi tomonda ular bilan  o‘qituvchilar ham tengma-teng mehnat qilishayotgan edi. Turli yumushlarni bajarayotgan pedagoglar bizni ko‘rgach fotokamera qarshisidan qochishga harakat qilishdi va suhbatlashishni istashmadi.

Muassasa direktori Ravshanoy Ismoilova olib borilayotgan ishlarga bosh-qosh ekan. Unga savollar bera boshladik.

Rahbar ayni paytda maktab o‘zlari orzu qilgandek ko‘rinishga kelayotganidan xursandligini, sport va tadbirlar zallari, o‘quv va laboratoriya xonalari bitsa, bolalarga ta'lim berish sifati yanada samaraliroq bo‘lishi haqida gapirdi. Kiroyi gaplar.

Maktabda 1500 nafardan ziyod  o‘quvchiga 75 nafar pedagog xodimlar dars berar ekan. Qarangki, ularning barchasi qonuniy, buyruq asosida ta'tilga chiqqan. Direktordan o‘qituvchilarni dam olishdan qaytarib, nega ishlatish uchun chaqirganini so‘radik.

«O‘zlari ishlaydigan maktab ichida ishlashyapti. Hasharga bir kunga yordamga chaqirdim. Hech kimni majburlab ishlatayotganim yo‘q. Tozalash va atrofdagi ishlarni o‘zimiz qilmasak, chetdan kelib birov qilib bermaydi. Maktabimiz juda yomon ahvolga kelib qolgandi, mana ta'mirlashga tushdi. Shukr aytib, kelib ishlashyapti», deydi mutasaddi.

(Tahririyatda boshqa kunlarda ham o‘qituvchilar shu maktab hududida og‘ir ishlarni qilayotgani tasvirlangan suratlar bor).

Darvoqe, mazkur maktabdagi qurilish ishlariga 3 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Maktab direktori o‘rinbosari Muqaddas Davronova va ingliz tili fani o‘qituvchisi Burayma Mamadaliyeva o‘qituvchilar o‘z xohishlari bilan ishlagani kelganliklarini aytishdi.

Bu orada tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev yetib keldi. Tuman pedagoglari sardori bu yil 9ta maktab «Obod markaz» va «Obod qishloq» dasturi asosida ta'mirlanayotganini bildirdi. Tumanda jami 72ta ta'lim muassasasi ish olib borar ekan.

«Chust shahri markazida o‘quvchilar uchun har tomonlama barcha qulayliklarga ega maktab deyarli yo‘q edi. 9-maktab mukammal ta'mirlansa, bolalar uchun zo‘r ta'lim dargohiga aylanadi. O‘qituvchilar ta'til vaqtida ishlashi masalasiga kelsak, texnik xodimlar ta'tilga chiqmagan edi. O‘shalar ishlayotgandir», deydi u.

Birozdan so‘ng tush payti bo‘ldi shekilli, ta'tilda bo‘lsa-da, maktabda jismoniy mehnat qilayotgan o‘qituvchilar yaqinlashishdi. Ular oftob urmasligi uchun turli matolardan yopinchiq yopinib olishgandi. Salomlashuvdan keyin ulardan biri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi ekanligini, yana biri ingliz tilidan dars berishini aytishdi.

Maktab direktori oldida istihola qilgan o‘qituvchilar, o‘z inon-ixtiyorlari bilan faqat bir kunga hasharga kelganliklarini ta'kidlashar edi. Muallimalarning ko‘zlaridan esa, «Sizlar keldingiz, hozir qaytib ketasiz. Biz esa shu yerda rahbarlarimiz bilan qolamiz...», degan ma'noni uqish mumkin edi...

Bor gaplar

9 oylik o‘quv yili davomida bolalarga ta'lim-tarbiya bergan o‘qituvchining ta'tili ta'tildek o‘tishi kerak. O‘qituvchining  butun bir boshli davr davomida biroz charchagan organizmi 3 oy dam oladi hamda yangi o‘quv yiliga o‘zgacha shijoat va yangi loyihalar bilan kirib keladi.  

Maktab direktori esa bunday demoqda: «Nima endi xodimlarimiz maktabdagi uchastkasida ham ishlamasligi kerakmi?».

Nega endi? Agar u sinf rahbari bo‘lsa, o‘z sinfi bilan ajratilgan yer uchastkasida, gulzorda ishlasin. Deylik, bir kunlik hashar tashkil qilinsa, xohishi bo‘lsa kelsin.

Ko‘p yillar davomida pedagoglarga tuman va shahardagi turli yumushlarni bajaradigan dastyordek qarash oqibatida ta'limda turli muammolar yuzaga keldi. O‘qituvchilarni paxta terimidan tashqari dalaga olib chiqib chopiq, «yagana», shuningdek ko‘chalarni supurish, gul ekish singari ishlarga ham jalb qilishdi.

O‘qituvchilar orziqib kutuvchi, cho‘g‘i ko‘proq bo‘lgan «otpuska puli» beriladigan kun maktabga soliq, kommunal xo‘jalik, sug‘urta singari bir qator tashkilotlar kelib, muallimning yozda dam olishi, sog‘ligini tiklashi uchun zarur bo‘lgan pulni «tuya qilib» ketganini juda ko‘p ko‘rganmiz.

Ajablanarlisi, ustozlar o‘zlarini kamsitishlarga oddiy holdek qarayotganida. Ular rahbarlardan cho‘chib, «Beton quygani o‘zimiz vijdon amri bilan chiqdik», «Tuman ko‘chalariga biz gul ekmasak kim ekadi?», «Aravada g‘isht tashisak ham, o‘zimizning maktabga tashiyapmiz», deganida achinib ketasiz.

Yuqorida aytilganidek, farzandlarimizni haqiqatni gapirishga, erkin va hur fikrlashga ustoz o‘rgatadi, axir!?

Ta'limning bugungi sifati kelajagimizga, yuksalishimizga, taraqqiy topishimizga juda katta ta'sir qilishi hammamizga ayon.

O‘qituvchi ta'tilga chiqdimi, tamom. Dam olsin, hordiq chiqarsin. Yangi o‘quv yiliga kuch to‘plasin. Qurilishni quruvchi, suvoqni suvoqchi, chopiqni dehqon qiladi, betonni esa betonchi quyadi.

Elmurod Ermatov

tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid