O‘zbekistonlik tadbirkorlar Turkiyadagi "F-Istanbul" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi
Turkiya davlati poytaxtida joylashgan Yeshilko‘y tumanidagi “Istanbul Expo markazi”da 5-7-iyul kunlari "F-Istanbul" oziq-ovqat, ichimliklar, qayta ishlash va qadoqlash ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Jazoir, Ozarboyjon, Bangladesh, Bosniya, Braziliya, Bolgariya, Kanada, Chexiya, Misr, Efiopiya, Germaniya, Gana, Hindiston, Iroq, Iordaniya, Quvayt, Livan, Malayziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Buyuk Britaniya, AQSh, O‘zbekiston, Hindiston, Misr, Rossiya va Gruziya kabi davlatlardan 268 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazma “Oziq-ovqat va ichimliklar”, “Qadoqlash ingrediyentlari va qayta ishlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar”, “Qandolatchilik mahsulotlari” kabi uch pavilonga bo‘lingan holda tashkil etildi.
Mazkur ko‘rgazmada mamlakatimiz tadbirkorlari ham faol ishtirok etdi. Jumladan, unda O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi ko‘magi ostida "Sladus", "Mega", "Erfibless", "Tanho", "Rozmetov" kabi bir qator brend kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
Yarmarka ishtirokchilarining fikrlariga ko‘ra, ushbu ko‘rgazma tadbirkorlarning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga samarali tarzda hissa qo‘shdi, hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga katta turtki berdi, shuningdek, xalqaro maydondagi raqobat bozori, so‘nggi ishlab chiqarish tendensiyalari bilan tanishish hamda ularni tahlil etish imkoniyatini yaratdi.
Ko‘rgazma ishtirokchilaridan biri, " Erfibless" qandolatchilik kompaniyasi Bosh direktori Risxitillo Shukrullayev quyidagilarni ta’kidladi:
- Biz oziq-ovqat sanoatining barcha manfaatdor tomonlari, ya’ni qayta ishlangan oziq-ovqat, ichimliklar, qandolat mahsulotlari, qo‘shimchalar va qadoqlash sohalarini qamrab olgan muhim ko‘rgazmada ishtirok etdik.
"F-Istanbul" ko‘rgazmasi yangi tijorat aloqalarini o‘rnatish, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar, importyorlar, ulgurji sotuvchilar, distribyutorlar va tarmoq bozorlarining birlashishiga xizmat qildi. Shuningdek, biz o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham bu ko‘rgazma orqali eksponentlar va tashrif buyuruvchilar bilan aloqa o‘rnatib, yangi hamkorlarga ega bo‘ldik.
Nilufar Yakubova, "Rozmetov Z.M" MChJ Marketing bo‘limi rahbari:
- Ko‘rgazma jarayonida xorijiy mamlakatlar kompaniyalari bilan tanishdik. Shuningdek, eng yetakchi ishlab chiqaruvchilar qatorida biz ham ishtirok etganimizdan xursandmiz. Bu ko‘rgazma o‘zbekistonlik tadbirkorlarga katta tajriba berdi. Yana bir quvonarli holat shundaki, bizning mahsulotlarimizga ham turli davlat vakillari tomonidan qiziqishlar bildirildi. Aytishim joizki, 10 ga yaqin xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatib, eksport-import masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.
Sanjar Komilov, "Mega semichka" MChJ Bosh direktori:
- Ko‘rgazmalarda o‘zbek kompaniyalarining faol ishtirok etishi mamlakatimizda tayyorlangan mahsulotlarning xorijiy davlatlar bozorlariga eksportini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu o‘rinda, "F-Istanbul" oziq-ovqat, ichimliklar, qayta ishlash va qadoqlash ko‘rgazmasi ham ana shunday vazifani bajardi, desak adashmaymiz. Yana bir e’tiborli jihati, biz oddiy kuzatuvchi sifatida ham turli davlatlar mahsulotlarini taqqoslash, ularning ta’mi va dizayniga baho berish, shu bilan birgalikda, yetuk mutaxassislar bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu esa faoliyatimizdagi natijalarning yanada o‘sishiga, albatta, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Ravshan Dadaboyev, "Tanho holding" MChJ Bosh direktori:
- Har bir mahsulot o‘ziga xos ishlab chiqarish jarayoniga ega, har birining o‘z texnologiyasi bor. Mamlakatlar rivojlangani sari, ulardagi ishlab chiqarish istiqbollari ham o‘sib boraveradi. Ana shunday dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan kompaniyalar bilan bir qatorda ko‘rgazmada ishtirok etdik. "F-Istanbul" oziq-ovqat, ichimliklar, qayta ishlash va qadoqlash ko‘rgazmasi tadbirkorlarni bir joyga jamladi. Bu yerda ularning faoliyati bilan tanishdik, mutaxassislar bilan fikr almashdik, qolaversa, biz o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘z mahsulotlarimizni chiroyli ko‘rinishda namoyish qildik.
Abdusamad Abdug‘aniyev, “Sladus Produce” MChJ Bosh direktori:
- Ta’kidlab o‘tmoqchiman, biz mamlakatimizning barcha hududlari hamda qo‘shni davlatlarga 20 dan ortiq turdagi qandolatchilik mahsulotlarini yetkazib beramiz. Ushbu ko‘rgazma esa bizga nufuzli chet davlatlar kompaniyalari faoliyati bilan tanishish va ular bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatini yaratdi. Ko‘rgazmada mahsulotlarimiz o‘zgacha ta’mi va yorqin, original qadoqlanishi bilan ajralib turganligi alohida e’tirof etildi. Hozirgi kunda mamlakatimiz bo‘ylab 15 mingdan ortiq do‘konlarimiz mavjud bo‘lsa, keyingi yillarda tarmoqni yanada kengaytirish va mahsulotlarimiz turi va sifatini yanada oshirish, xorijga ham ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni eksport qilish uchun harakat qilmoqdamiz.
"F-Istanbul" oziq-ovqat, ichimliklar, qayta ishlash va qadoqlash ko‘rgazmasida ishtirokchilar faoliyatini kuzatib borgan O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi Bahodir Umirshayxov so‘zlariga ko‘ra:
- Ko‘rgazma 40 dan ortiq davlatdan kelgan ko‘plab tashkilotlarni jipslashtirdi, unda turli geografik soha vakillari ishtirok etib, kuchli sinergiya yaratdi. Mazkur jarayon ko‘rgazma qatnashchilarining ish faoliyatida yangi g‘oyalar va biznes bitimlarning paydo bo‘lishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. O‘ylaymanki, yarmarka Yevropadan Markaziy Osiyogacha bo‘lgan o‘nlab mamlakatlarning sanoat gigantlarini ham birlashtirdi, ishlab chiqaruvchilar va vositachi kompaniyalarni eksportchilardan tortib ulgurji savdogarlargacha bo‘lgan nuqtada yuzlashtiradigan noyob ko‘prikka aylandi.
Umumiy maydoni 25 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma Turkiyada o‘tkazilgan eng katta yarmarkalardan biri sifatida tarixda qoldi. Unda turli mamlakatlarning 50 dan ortiq shaharlaridan kelgan 300 dan ziyod eksponentlar o‘rtasida o‘zaro savdo bitimlari, memorandumlar imzolandi, hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Yarmarka shunchaki ko‘rgazma maydoni emas, balki qaysidir ma’noda sanoatning hozirgi holatlari tasvirlangan, idrok etilgan va tahlil qilinadigan maydon sifatida xizmat qildi.
O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi matbuot xizmati Ⓣ