«Kontrafakt» so‘zi fransuz tilidan olingan bo‘lib, «Mualliflik huquqini buzish» degan ma’noni bildiradi. Mazkur so‘z intellektual mulk huquqlarini poymol qilgan holda ishlab chiqarilgan, ya’ni soxta tovar va mahsulotlarga nisbatan ishlatiladi.

Butun dunyoda soxta tovarlar savdosi kundan kunga o‘sib bormoqda. Xususan, Science direct saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, go‘sht va go‘sht mahsulotlari (27,7%), sut va sut mahsulotlari (10,5%), don va non mahsulotlari (8,3%), baliq va baliq mahsulotlari (7,7%) ning ko‘plab kontrafakt variantlari ishlab chiqarilgan(iyul, 2022). Oziq-ovqat sanoati sohasida yuzaga kelayotgan firibgarliklarning aksariyati mahsulotlarning yaroqlilik muddatini o‘zgartirish(58,3%), ishlab chiqarilgan mamlakat kodini noto‘g‘ri belgilash (11,4%) holatlari bilan bog‘liq sanaladi.

   Mahalliy bozorlarimizga kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi, birinchi navbatda, sotilayotgan mahsulotlarning xavfsiz va sifatli bo‘lishiga, qolaversa, iste’molchilarning salomatligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. E’tibor bersak, soxta mahsulotlar asliga qaraganda arzon bo‘ladi. Sababi, ularning tarkibida sifatsiz va arzon xomashyolar miqdori ko‘p.

- Afsuski, xaridorlar ba’zan tanlovda adashadilar. Bu esa nafaqat insonlar salomatligida bir qancha o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ladi, balki tadbirkorlar faoliyatiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bizning uyushmamizga a’zo tadbirkorlar orasida ham ana shunday kontrafakt mahsulotlar orqali zarar ko‘rayotganlari uchrab turibdi. Buning uchun barcha mutasaddi tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda  sotuvga chiqarilayotgan mahsulotlarni nazorat ostiga olishimiz hamda muhim profilaktik choralarni ko‘rishimiz zarurdir, - deydi O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov.

 Biznes olamiga kirib kelayotgan ayrim yosh tadbirkorlar mashhur brendlarga taqlid qilib aynan shularnikiga o‘xshash mahsulotlar ishlab chiqarishmoqchi bo‘lishadi. Mahsulotlarning soxta yoki haqiqiyligini esa birinchi navbatda uning ta’mi, shuningdek, narxi, ko‘rinishi, nomi, rangi, mahsulot o‘ramidagi dizaynidan bilib olish mumkin. Tabiiyki, kontrafakt mahsulotlar arzon hamda sifatsiz bo‘ladi.

Mamlakatimizda kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish maqsadida bir qancha ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4965-son qaroriga muvofiq intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarlikni manzilli aniqlash va kurashish maqsadida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi tashkil qilindi. Adliya vazirligi tomonidan kontrafakt mahsulotlar katalogi ishlab chiqildi. Shuningdek, «xufiyona iqtisodiyot» shakllanishining holatlarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha vakolatli davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ham sotuvdagi soxta tovarlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.