Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etildi. Tadbir qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud ko‘p tomonlama hamkorlikni baholash va TDT a’zolari hamda kuzatuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish, texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalarni yetkazish hamda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarda sinergiyani kuchaytirish, o‘simlik mahsulotlari va dorivor o‘simliklar ishlab chiqarish sohasida hamjihatlikda ishlash imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida o‘tkazildi.
Forumda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar (Turkiya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston) qishloq xo‘jaligi vazirlari, kuzatuvchi davlatlarning (Vengriya va Turkmaniston) rasmiy vakillari, shuningdek, tegishli idoralar mutasaddilari, sohaga oid tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini taraqqiy ettirishga qaratilgan nutqlari bilan qatnashdi. Jumladan, O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov ham forumda chiqish qilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan quyidagi fikr-mulohaza hamda takliflarni bildirib o‘tdi:
— Biz Oziq-ovqat sanoati uyushmasi sifatida turkiy davlatlarning tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlik sanoatimizni izchil rivojlantirishda naqadar muhim o‘rin tutishini o‘z tajribamizdan juda yaxshi bilamiz.
Tarixan, davlatlarimiz tadbirkorlari o‘rtasida yaqin savdo aloqalari rivojlanib, texnologiyalar, malaka va sohadagi tajribalar o‘zaro almashinib kelinmoqda. Shu nuqtayi nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyati o‘zaro mavjud hamkorlik va hamjihatlik aloqalarini yanada rivojlantirishga turtki beradi.
Hozirda uyushmamizga a’zo bo‘lgan korxonalar Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya korxonalari bilan faol hamkorlik qilmoqda. Tahlil etadigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar bozori 150 milliondan ortiq iste’molchi, ulkan tabiiy resurslarga ega, ilmiy va texnologik yutuqlarga boy sanaladi. Aynan ushbu jihatlarni hisobga olib, Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini hukumatlararo darajada qo‘llab-quvvatlash ayni paytda muhim ahamiyatga egadir, desak adashmaymiz.
O‘zbekistonda agrosanoat tarmog‘i O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biridir. Bu borada O‘zbekiston hukumati va davlat organlari tomonidan davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, turli dasturlarni ishga tushirish, tadbirkorlarga subsidiyalar berish va maxsus tashkil etilgan jamg‘armalar hisobidan yangi loyihalarni moliyalashtirish yo‘li bilan ushbu sohadagi xususiy sektorni hukumat har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.







