Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi sobiq Canoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosi buzilishi haqida xabar tarqaldi va bu jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar obektni sobiq “Chirchiqsoy” yoki “Chirchikstroy” mehmonxonasi deb atashmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Chirchiq shahar Zakovat ko‘chasida joylashgan ushbu bino hozirda hujjatlarda “sobiq texnikum bino va inshooti” deb yuritiladi. Majmuaning umumiy yer maydoni bir yarim gektardan ortiq. Obekt 1935-1936 yillarda qurilgan.

 

Chirchiq shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Qodirovning aytishicha, bino tarixiy obida sanaladi va uning buzilishi haqidagi xabar – feyk.

“Obektning buzilishi yoki qayta qurilishi bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror qabul qilinmagan. Prezidentning 29 apreldagi qarorida bino Boks federatsiyasiga berilishi aytilgan. Ular obektni ta'mirlab, respublika miqyosidagi professional bokschilarni yetishtirib chiqaradigan katta boks maktabi ochishlari mo‘ljallangan.

Faxriddin Qodirov

Hali hujjatlashtirish ishlari davom etmoqda va ular binoni o‘zlarining hisobiga rasmiy o‘tkazib, ish boshlaganlari yo‘q. Obekt hozirgi kunda Chirchiq shahar hokimligi balansida turadi. Hokimlik uni hech kimga sotgani yoki taqdim qilgani ham yo‘q”, – dedi hokimlik vakili.

Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspertlar kengashi a'zosi Akmal O‘lmasovning aytishicha, bino noyob me'moriy uslub va badiiy-estetik jihatdan o‘ziga xos. Shu bilan birga, u tarixiy ahamiyatga ega. Mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, binoning tashqi va ichki fasadini restavratsiya qilish va uni galereyaga aylantirish orqali madaniy meros obekti ro‘yxatiga kiritish mumkin.

Bino joylashgan hudud – “Hamza” MFY raisi Bahodir G‘aniyev obektning tarixi haqida bilganlarini so‘zlab berdi.