O‘zbekiston | 15:20 / 23.09.2021
21000
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat subsidiyalarini olish uchun elektron platforma ishga tushirildi. U qanday ishlaydi?

Yangi elektron platforma orqali budjetdan to‘lanadigan subsidiya va kompensatsiyalar oshkoraligi ta'minlanishi ma'lum qilindi. Unda 83 turdagi subsidiyalarni olish jarayonlari elektronlashtirilgan. 

Moliya vazirligi tomonidan subsidiya.mf.uz elektron platformasi ishga tushirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Subsidiyalar platformasi qanday tizim?

Subsidiya.mf.uz elektron platforma fuqarolarga davlat budjetidan to‘lanadigan subsidiya, kompensatsiya va boshqa imtiyozlarni ajratishning oshkoraligini ta'minlash uchun xizmat qiladi. Shuningdek, bu jarayonda byurokratiya va korrupsiya holatlarining oldini olish hamda yuzaga kelgan muammolar to‘g‘risida bevosita mas'ul mansabdor shaxslarga va fuqarolarga xabar berish imkoniyatini yaratadi.

Platforma qanday ishlaydi?

Subsidiyalar platformasi test rejimida ishga tushirilgan. U fuqarolarga budjetdan to‘lanadigan subsidiyalarni tezroq va osonroq olishga yordam beradi. Elektron platformaga 83 turdagi subsidiyalar kiritilgan. Subsidiya olmoqchi bo‘lgan fuqaro platforma orqali onlayn ariza qoldiradi. Ariza qoldiruvchi yuridik, jismoniy shaxs yoki ehtiyojmand xotin-qizlar uchun subsidiyalardan biri hamda yo‘nalishga oid tashkilot nomini tanlashi kerak bo‘ladi. Platformaga 18ta vazirlik va idoralar kiritilgan, fuqarolar har bir tashkilotga doir subsidiyalar haqida ma'lumot olishi mumkin.

Deylik, ariza topshiruvchiga qishloq xo‘jaligiga oid subsidiya kerak bo‘lsa, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tanlashi mumkin. Bunda shu yo‘nalishda qonunchilikda qanday subsidiyalar mavjudligi hamda ular aynan kim uchunligi haqida ma'lumot olish mumkin bo‘ladi.

Yoki fuqaro yoshlar uchun qanday subsidiyalar borligini bilmoqchi bo‘lsa, “subsidiyalar beruvchi tashkilotlar” ro‘yxatidan Yoshlar ishlari agentligini tanlaydi hamda kimlarga qanday tarzda subsidiyalar berilishi borasida qonunchilikda mavjud normalar bilan tanishadi. Shu asosda fuqaro “onlayn ariza topshirish” bo‘limi orqali o‘ziga kerakli subsidiyani olish bo‘yicha ariza qoldirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, platformadan yuridik va jismoniy shaxslar uchun qanday subsidiyalar borligi haqidagi ma'lumotlarni topish mumkin. Statistika bo‘limidan esa qaysi vazirlik va idora qanday subsidiyalar berishi va subsidiya ajratish dinamikasini ko‘rish mumkin. 

Elektron platformasi mavjud bo‘lmagan “subsidiya beruvchi tashkilotlar” uchun alohida veb-dastur

Hozirda elektron platformalari mavjud bo‘lmagan vazirlik va idoralar uchun https://subsidiya.mf.uz/dashboard veb-dasturi orqali shaxsiy kabinetlar yaratilgan. Bu orqali ularda o‘zlariga tegishli subsidiya turlari bo‘yicha ma'lumotlarni kiritib borish, kelib tushgan arizadan xabardor bo‘lish imkoniyati mavjud.

Mavzuga oid