O‘zbekiston | 23:30 / 15.01.2022
27592
3 daqiqa o‘qiladi

Hokim tashrifidan keyin Andijondagi tug‘ruqxona hovlisida o‘ndan ortiq daraxt kesib tashlandi

Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi 12 tup nina bargli daraxtlar 16 yanvarga o‘tar kechasi kesib tashlandi. Markaz xodimlaridan biri Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni kesish viloyat hokimining topshirig‘ini ekanini aytdi.

Foto: KUN.UZ

Shifoxona xodimining aytishicha, 15 yanvar kuni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat perinatal markaziga kelgan va markazning qurilayotgan yangi binosi bilan tanishgan. Shundan so‘ng, manbaga ko‘ra, markaz oldini ochish uchun daraxtlarni kesish bo‘yicha topshiriq bergan.

Kun.uz hokimlikdan vaziyatga tezkor munosabat ola olmadi (qo‘ng‘iroqlarimizga javob bo‘lmadi). Biroq daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan bir paytda, shifoxona hovlisidagi daraxtzorni yo‘q qilish bo‘yicha quyiroq mansabdagi odam buyruq bera olmasligini taxmin qilish mumkin.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Andijon shahar obodonlashtirish bo‘limi xodimlari topshiriq bo‘lgani aytilgan 15 yanvarning o‘zida, tun vaqtida ishga kirishib, daraxtlarni kesish ishlarini boshlagan.

Qiziq jihati, daraxtlarni kesib, perinatal markazi hovlisidan olib chiqib ketayotgan obodonlashtirish bo‘limi yuk mashinasining davlat raqamlari ham yo‘q. Bo‘lim xodimlari Kun.uz muxbirining savoliga javoban avtomashina yangi ekani, hali davlat raqami olishga ulgurishmaganini aytishdi. Ammo mashina yangiga o‘xshamasdi.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Kesilgan daraxtlarda kasallanish alomatlari ko‘zga tashlanmaydi. Ular 4 metrdan sarjin qilinib kesib taxlangan.

Kun.uz muxbiriga o‘zini Akbar deb tanishtirgan obodonlashtirish bo‘limi xodimi savollarga javob bermasdan, u yerdan ketib qoldi.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan.

Qo‘shimcha qilish joiz, yangi yildan Ekologiya qo‘mitasida yangi rahbar ish boshladi. Bungacha Ekologiya partiyasi raisi bo‘lgan Narzullo Oblomurodov Ekoqo‘mita raisi etib tayinlangan.

Mavzuga oid