14ta tuman va shaharda elektr energiyasi sotadigan xususiy kompaniyalar ochiladi
2023 yilda O‘zbekistondagi 14ta tuman va shaharda HETKlar bilan parallel ravishda aholiga elektr sotadigan xususiy kompaniyalar ish boshlaydi. METning elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlari ajratilib, yagona xarid qiluvchi sifatida alohida kompaniya tashkil etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni elektr energetikasi korxonalari faoliyatini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Rasmiy relizga ko‘ra, ayni paytda 7 million iste’molchi Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanib, aholidan to‘lov undirish 100 foiz ta’minlanmoqda. Generatsiya sohasida jami 7 milliard dollarlik 19 ta quyosh, shamol va issiqlik elektr stansiyalari qurish bo‘yicha loyihalarga xorijiy investorlar jalb qilingan.
Shu bilan birga, sohada raqobatni yaratish, energiya ta’minotining hajmi va sifatini oshirish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p. Jumladan, energetika tizimini modernizatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun kelgusi yillarda 20 milliard dollarga yaqin investitsiya talab etiladi. Buning uchun sohada raqobatli bozorni shakllantirish va xususiy investorlarga sharoitlarni kengaytirish zarur.
Shu bois yig‘ilishda energetika bozorini boshqarish bo‘yicha yangi tizim yaratish masalalari muhokama etildi.
Xususiy generatsiya korxonalari ulanishi uchun teng sharoit yaratish maqsadida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlarini ajratish taklifi bildirildi.
Bunda, yagona xarid qiluvchi kompaniya barcha elektr stansiyalaridan elektr energiyasini shartnoma asosida sotib olib, yirik korxona va hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotadi. Magistral tarmoq operatori esa elektr energiyasini yetkazib berish, yo‘qotishlarni kamaytirish va energotizimni texnik boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Kelgusi yilda 14 ta tuman va shaharda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga muqobil tarzda, iste’molchilarga elektr energiyasini sotadigan xususiy chakana elektr savdo kompaniyalari tashkil etiladi.
Shuningdek, tarmoq rahbarlariga transformatsiya jarayonini jadallashtirish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qila oladigan kompaniyalarga aylantirish kerakligi ta’kidlandi.
Soha korxonalarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish, elektr uzatish tarmoqlarini yangilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Hukumat va soha rahbarlariga ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil aprel oyida energetika bo‘yicha prezident farmoni imzolangan edi. Farmonda, tajriba tariqasida dastlab 14ta shahar va tumanda tabiiy gaz va elektr energiyasini ulgurji xarid qilish va sotish funksiyasi xususiy operatorga berish ko‘zda tutilgan. Bugungi yig‘ilishda esa tanlangan hududlarda HETK ham xususiy kompaniyalarga parallel ravishda aholiga elektr sotishda davom etishi aytildi.
Aprel oyidagi farmonga ko‘ra, xususiy kompaniyalar elektr va gazni aholi uchun hukumat belgilagan tariflardan oshirmagan holda sotadi.
Kuni kecha Shavkat Mirziyoyev tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “UzGasTrade” AJni tashkil etish to‘g‘risida qaror imzoladi.
Hukumat 2026 yildan boshlab elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tishni mo‘ljallamoqda. Rejaga ko‘ra, o‘sha vaqtdan boshlab ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda energiya narxlari “qo‘yib yuboriladi”, ya’ni elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz narxlari erkin bozor sharoitida shakllanadi.
Bozor narxlari sohaga investitsiyalar oqimini ko‘paytirishi, shu orqali taqchillik muammosi (oddiyroq aytganda, gaz va "svet" o‘chishlari) hal etilishi mo‘ljal qilingan.
Mavzuga oid
10:46 / 09.07.2024
Andijon, Farg‘ona va Surxondaryoda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi
16:48 / 06.07.2024
577 so‘mdan 998 so‘mgacha - IESlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining tannarxi qancha?
14:04 / 03.07.2024
Suv ta’minoti korxonasi Yunusoboddagi toshqinga svet o‘chgani sabab bo‘lganini bildirdi. Energetika vazirligi buni rad etdi
20:30 / 02.07.2024