Jahon | 21:53 / 03.10.2018
6455
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada saudiyalik jurnalist yo‘qolib qoldi 

Saudiyalik taniqli muxolifatchi jurnalist, Washington Post nashri kolumnisti Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirgach yo‘qolib qoldi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari turk-arab uyushmasi bayonotida aytilgan.

“Saudiya Arabistoni konsulligiga kirgan arab jurnalisti Jamol Qoshiqchi haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Biz vaziyat ortidan xavotir bilan kuzatmoqdamiz”, deb aytilgan bayonotda.

Ta'kidlanishicha, jurnalist bir sutkadan beri aloqaga chiqmayapti. Habertürk telekanalining ma'lum qilishicha, u Saudiya Arabistoni bosh konsulligiga 2 oktabr soat 13 atrofida hujjatlarni rasmiylashtirish uchun kelgan. Uning shaxsan kelishini konsullik xodimlari so‘rashgan. U konsullikka qallig‘i bilan birga kelgan, biroq ayol ichkariga kiritilmagan. 5 soatdan keyin esa konsullik xodimlaridan biri chiqib, jurnalist ketganini va uni boshqa kutmaslikni aytgan. Jurnalist konsullikka kelishi oldidan agar ushlanadigan bo‘lsa, bu haqda Turkiya hukumati va ommaviy axborot vositalari turk-arab uyushmasini xabardor qilishni aytgan. 

Jurnalist Ar-Riyodning hozirgi siyosati bo‘yicha tanqidiy qarashlari bilan tanilgan. 

U 2017 yilda Saudiya Arabistonini tark etib, AQShda qo‘nim topgan. Qoshiqchi AQSh nashri uchun doimiy ravishda maqolalar yozib, unda Saudiya Arabistonidagi vaziyat va tashqi siyosatni tahlil qiladi hamda qirollik hukumati faoliyatining muammoli jihatlarini ochiqcha bayon qiladi. U bir muncha vaqt Saudiya Arabistonida chop etiluvchi Al-Watan nashri bosh muharriri bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid