17 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra:

  • 2021 yil 1 sentyabrgacha 18 yoshdan katta bo‘lgan quyidagi toifa yoki guruhdagi aholi qatlami koronavirus infeksiyasiga qarshi 1-doza vaksinalari;
  • 1 oktyabrgacha 2-doza vaksinalari;
  • 1 noyabrgacha 3-doza vaksinalari bilan ommaviy emlanishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilandi.

Ular quyidagilar:

— aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat ko‘rsatish obektlarining (davlat xizmatlari markazlari, pochta bo‘linmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sug‘urta kompaniyalari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar va boshqalarning) xodimlari;

— barcha turdagi savdo obektlarining (oziq-ovqat, xo‘jalik mollari, kiyim-kechak do‘konlarining, dorixonalarning va boshqalarning) xodimlari;

— sport maktablarining hamda sport inshootlarining xodimlari;

— madaniy hamda ko‘ngilochar obektlarning va dam olish maskanlarining xodimlari;

— mehmonxonalarning, uy mehmonxonalarining, xostellarning, otellarning, yotoqxonalarning va kempinglarning ishchi-xodimlari;

— yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarning xodimlari;

— davlat va nodavlat ta'lim muassasalarining xodimlari;

— harbiy xizmatchilar;

— umumiy ovqatlanish korxonalarining, xususan, jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish shoxobchalarining, choyxonalar, to‘yxonalar, kafelar va restoranlarning xodimlari, shu jumladan, mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar;

— barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy obektlarning xodimlari;

— kommunal xizmat sohasi xodimlari;

— aloqa va telekommunikatsiya obektlarining xodimlari;

— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xodimlari;

— huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlari.

Qayd etilishicha, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi xavfi bo‘lgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar chiqarish vakolatiga ega.

Ushbu qonunning 30-moddasida sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar majmuiga profilaktik emlashlar o‘tkazish ham kiritilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning “O‘zbekiston Respublikasi aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2015 yil 15 martda tasdiqlangan 0239-07-sonli “Yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasi” sanitariya qoidalari va normalaridagi epidemiologik ko‘rsatma asosida emlash jadvaliga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tartibi yuzasidan qo‘shimcha kiritildi.

Majburiy emlash haqidagi qaror shu hujjatlar bilan asoslangan.