Iqtisodiyot | 12:29 / 11.11.2021
82472
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2022 yilda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi oshishi kutilmoqda

Hisob palatasining 2022 yil uchun davlat budjeti yuzasidan bergan xulosalariga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gazni ichki iste'molchilarga sotish narxi oshishi mumkin. Shuningdek, 2022 yil davomida 1 AQSh dollarining o‘rtacha yillik summasi 11 321 so‘m bo‘lishi prognoz qilingan.

Hisob palatasi 2022 yil uchun «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi va budjetnoma bo‘yicha o‘z xulosasini e'lon qildi.

Asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar

Taqdim etilgan budjetnoma bo‘yicha 2022 yildagi yalpi ichki mahsulot hajmi 839,9 trln so‘mni yoki 74,2 mlrd dollarni, uning aholi jon boshiga miqdori 23,8 mln so‘mni yoki 2,1 ming dollarni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

2022 yilda real o‘sish sur'ati 5,9 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

Eksport hajmi 2021 yilga nisbatan 19 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulotning 27,2 foiziga, import hajmi esa 9,5 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulotning 35,2 foiziga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Tashqi savdo aylanmasi saldosi salbiy balans (5,94 mlrd dollar) bilan yakunlanishi kutilmoqda.

2022 yilda inflatsiya darajasi 9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilingan bo‘lsa, 2023 yilda 5 foiz, 2024 yilda ham 5 foiz miqdorida mo‘ljal olingan.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni ichki iste'molchilarga sotish narxi, issiq suv va issiqlik, sovuq suv va kanalizatsiya tariflari oshishi kutilmoqda. Bu 2020-2021 yillarda ushbu resurslar narxlari o‘zgarmagani va keyingi yilda indeksatsiya qilinishi ko‘zda tutilayotgani bilan izohlangan.

Soliq siyosatidagi o‘zgarishlar

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha amaldagi soliq stavkasi 15 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.

Aksiz solig‘i stavkalari 2022 yil 1 iyundan o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda. Respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan benzin uchun yagona soliq stavkasi belgilanmoqda. Suyultirilgan gazga aksiz solig‘i stavkasi bekor qilinmoqda (amalda 30 foiz).

Polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasi 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilishi belgilanmoqda, shuningdek, polietilen granulalar importida ham aksiz solig‘i joriy qilinmoqda.

Budjetnomada polietilen granulalari uchun aksiz solig‘i stavkasini 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirish hamda importida aksiz solig‘ini joriy qilish sabablari aniq hisob-kitoblar bilan asoslantirilmagan.

2022 yil davomida 1 AQSh dollarining o‘rtacha yillik summasi – 11 321 so‘m, 1 troya unsiya oltin narxi – 1 700 AQSh dollari, kumush narxi – 25 AQSh dollari, misning 1 tonnasiga 8,5 ming AQSh dollari, 1000 m3 tabiiy gazning eksport narxi – 100 AQSh dollari bo‘lishi prognoz qilingan.

Mavzuga oid