Sovetlardan salom
Qo‘shib yozish (“pripiska”) – sovet davrida paydo bo‘lgan va o‘sha tuzumning mohiyatidan kelib chiqqan illat. Chunki sovet tuzumi mafkurasida xususiy mulkchilikka barham berish g‘oyasi bo‘lgan va bu g‘oyani 20-asrda aynan sotsialistik mamlakatlar hayotga tatbiq etishga harakat qilgan.
Mulk xususiy emas, davlatniki bo‘lsa, moddiy manfaatdorlik stimuli ishlamaydi. Demak, ishlarning rivojini ko‘p jihatdan:
– ma’muriy majburlov,
– nazorat,
– “yaxshi ishlamaganlik” uchun turli jazo choralarini qo‘llash ta’minlaydi.
Aynan shunday sharoitda “pripiska” qilish ehtiyoji paydo bo‘ladi: maqsad samara emas, “rejani bajarish” va jazodan qochib qolish bo‘lgani uchun, qo‘shib yozishga stimul paydo bo‘ladi.
Biz hozir tarixda qolgan sovet tuzumi haqida gapiryapmiz. Savol: nega unda yangi O‘zbekiston sharoitida “pripiska” gullayapti? Axir sovet tuzumidan voz kechilganiga 31 yil bo‘ldi!
“Jipiriqlik” va “jinnilik”
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev videoselektorda bir qancha tumanlarda takroriy ekin madonlari aqbovar qilmas hajmda qo‘shib yozilganini aytadi va o‘z uslubida holatga va buni qilgan hokimlarga munosabat bildiradi.
“Katta xolangni chorvog‘imi bu, Muxtor, bu nima qilganing, 6200 gektar yozib yuboribsan! Gapir, Muxtor. Hozir borib o‘lchaymi? Nima qilasan bunaqa yolg‘on ma’lumot berib. Kimni aldayapsan?” – deydi G‘aniyev Nishon tumani hokimiga qarata.
Takroriy ekinlarni qo‘shib yozgani uchun Qarshi tumani hokimini u “jipiriq” deb atadi: “Qarshi tumani 5830 gektar ekib tashlabdi... 3315 ta xonadonga 1100 gektar ektirib tashlabdi... San jipiriq raqamlarni ko‘rmayapsanmi? Ishlamayapsanmi takroriy ekin bo‘yicha, jipiriq?”
“Hozir chaqirasiz prokuraturaga Kosonning hokimini, Qarshining hokimini, Nishonning hokimini, Mirishkorning hokimini, xo‘pmi?” – deydi Shuhrat G‘aniyev prokuratura mas’uliga qarab.
U Kasbi tuman hokimi To‘xtamurod Meyliyev bergan ma’lumotni prokuraturadan odam yuborib tekshirtirishini aytadi. Navoiy viloyati Xatirchi tumani rahbariyatini “jinni” deb ataydi. Past Darg‘om tumani hokimining esa “miyasini joyiga tushirish” kerakligini ta’kidlaydi.








