Quyida BBC sharhlovchisi Sebastian Asherning Suriya shimolidagi so‘nggi voqealar bo‘yicha materiali tarjimasi keltiriladi.

Kutilmagan yurish Suriya hukumati qo‘shinlarining Halabdan olib ketilishiga sabab bo‘ldi, ko‘p yillardan buyon Asad rejimini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Rossiya aviatsiyasi esa 2016 yildan buyon ilk bor yana ushbu shaharni bombardimon qilishda ishtirok etishni boshladi.

Yurishga «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchilik qilmoqda — bu guruh ko‘p yillardan buyon Suriya mojarosida ishtirok etib keladi.

Suriya Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bir nechta isyonchi guruhlar ham qo‘shilgan. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa buni inkor etdi.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» qanday guruh?

Jangarilar Halab markazida joylashgan qadimiy qal’a fonida. 2024 yil 30 noyabr
Foto: dpa / Scanpix / LETA

«Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh), yoki «Levantni ozod etish tashkiloti»ga 2011 yilda asos solingan. O‘shanda u «Jabhat an-Nusra» (An-Nusra fronti) deb atalardi va «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotining to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkori bo‘lgan.

Hsh tashkilotchilaridan biri keyinchalik IShID rahbariga aylangan Abu Bakr al-Bag‘dodiy edi.

Hsh Suriyadagi fuqarolik urushi davrida prezident Asadga qarshi chiqqan eng xavfli guruhlardan biri bo‘lgan.

Ammo uning harakatlanuvchi kuchi baribir inqilobiy jo‘shqinlikdan ko‘ra ko‘proq jihodchilik mafkurasi edi. Bu esa Ozod Suriya bayrog‘i ostida harakatlanuvchi isyonchilarning asosiy koalitsiyasi niyatlariga zid kelardi.

2016 yilda esa guruh rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniy terrorchi tashkilot tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun oshkora tarzda «Al-Qoida»dan ajralib chiqib, «Jabhat an-Nusra»ni tarqatib yubordi va yangi tashkilot tuzdi, oradan bir yil o‘tib o‘zi kabi kichik guruhlar bilan birlashgan holda «Hay’at Tahrir ash-Shom» nomini oldi.