13 noyabr kungi savdolarda Bitcoin narxi tarixda birinchi marta 90 ming dollardan oshdi. Ayni paytda birjada 1 BTC 89 ming 330 dollarga baholanyapti. Bu 1 kilo oltin narxidan (82 ming 624 dollar) ham qimmat.

Yil boshidan beri Bitcoin bahosi 2 barobardan ko‘proqqa o‘sdi. Natijada BTC kumushni ortda qoldirib dunyodagi eng yirik sakkizinchi aktivga aylanib oldi. Xo‘sh, nima uchun mazkur kriptovaluta keskin qimmatlashyapti?

Birinchidan, oxirgi kunlardagi narxlarning keskin oshishi Donald Trampning prezidentlik saylovidagi g‘alabasi fonida yuz berdi. U hukumat tepasiga kelganidan keyin “raqamli oltin” narxi 30 foizdan ziyodga oshgan. Bunga Tramp o‘zining saylovoldi nutqida kriptobiznesni qo‘llab-quvvatlagani sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, may oyida Tramp jamoasi rasman kriptovaluta orqali saylovoldi kampaniyasi uchun xayriyalarni qabul qila boshladi.

Bitcoin ham Trampning reklama kampaniyasining bir qismiga aylandi. Sentyabr oyida siyosatchi Nyu Yorkdagi barda tarafdorlariga Bitcoin’da burgerlar sotib oldi. U Nyu York dunyoning “kripto poytaxti”ga aylanishi kerakligini bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, kriptovaluta bozorini yanada yumshoqroq tartibga solishga va’da berdi, bu kompaniyalar va investorlar uchun muhim afzalliklarni taqdim etishi mumkin. Ushbu bayonotlar kripto bozorida ijobiy muhit yaratyapti.

Ikkinchidan, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va inflatsiya sababli ko‘plab investorlar Bitcoin’ni ham oltin kabi an’anaviy aktivlarga muqobil kapitalni himoya qilish vositasi sifatida ko‘rishni boshlashdi. Ayniqsa, Trampning g‘alabasi moliya bozorlarida noaniqlik yuzaga keltirdi. Uning iqtisodiy siyosati, xususan soliqni pasaytirish va davlat xarajatlarini ko‘paytirish rejasi, davlat qarzini oshirishi mumkin. Bu esa inflatsiyaga olib kelishi prognoz qilinyapti va Bitcoin inflatsiyaga qarshi himoya vositasi sifatida qaralyapti.

Uchinchidan, AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) tomonidan Bitcoin ETF’larining tasdiqlanishi institutsional investitsiyalar oqimini oshirdi. Natijada yirik fondlar va kompaniyalar kriptovaluta bozoriga faol kirishdi, bu esa kursni mustahkamlashga yordam berdi. Bundan tashqari, 2024 yilda Bitcoin Halving jarayoni amalga oshdi va maynerlarga beriladigan rag‘bat miqdori ikki barobar – 6,25 BTC’dan 3,125 BTC’ga tushirildi. Taklifning kamayishi va talabning saqlanishi yoki ortishi bilan narx yuqori darajada saqlanib qolyapti.