2021 yilning yozi tarixga kirishi aniq. Avvaliga — Leo Messi «Barselona» bilan xayrlashib, «PSJ»ga o‘tganiga guvoh bo‘ldik. «Real» «PSJ»dan Mbappeni olish uchun tinmay harakat qilmoqda va maqsadga yaqin. Klub rahbarlari kelisha olishsa, bu transfer kamida 160 mln yevrodan qimmatroqqa amalga oshadi. Endi — Krishtianu Ronalduning «Yuventus»dan o‘zi 2003-2009 yillarda ham o‘ynagan «Manchester Yunayted»ga transferi ro‘y berdi.
Kun davomida tarqalgan yangiliklarni kuzatib adashib ketgan, har 15 daqiqada tvitter lentasini yangilab o‘tirishdan charchaganlar yoki shunchaki so‘nggi kunlarda tarqalgan xabarlarni kuzatmaganlar uchun quyida voqealar xronologiyasi keltirib o‘tiladi.
1) Ronaldu «Yuventus»dan ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar o‘tgan mavsum yakunlanishi bilanoq chiqa boshlagandi. Portugaliyalik futbolchi mavsumning so‘nggi turida «Bolonya»ga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirildi, bu o‘yin natijasiga ko‘ra «Keksa sinora» bir amallab Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ammo Krishtianu bilan bog‘liq vaziyatni allaqachon sensatsiyaga aylantirishgandi. Qolaversa, u jamoa bilan YeChLni qatorasiga ikki mavsumda 1/8 finaldayoq tark etdi. Nihoyat Maksa Allegri jamoa bosh murabbiyligiga tayinlandi — ularning 2018/19 yilgi mavsumdagi hamkorligi ikki tomonda ham yoqimli taassurotlar qoldirmagandi. «Real», «Manchester Yunayted», «PSJ» va Ronalduning ilk jamoasi Lissabon «Sporting» klubi uning keyingi manzili bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar chiqdi... «Siti»ni esa dastlab hech kim tilga olmayotgandi.
2) Yoz xotirjam o‘tdi. Avgust oyi boshida Krishtianu «Yuventus»ning «Barselona»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.
3) Ammo so‘nggi ikki haftada voqealar rivoji keskin rivojlanib ketdi. 16 avgust kuni kechqurun bir necha soat farqi bilan Krishtianuning kelajagi borasida uchta nashrdan uch xil yondashuv tarqaldi. Rimning Corriere dello Sport nashri forvardning agenti Jorjye Mendesh «Manchester Siti»ga murojaat qilib, ularga o‘z mijozining xizmatlarini taklif etdi, futbolchining narxi aslidan ancha arzon bo‘lishi aytildi. Ispaniyada El Chiringuito nashri «Real» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Ronaldu bilan yana hamkorlik qilishga qarshi emasligini aytgani haqida xabar tarqaldi, ular italiyalik mutaxassisning Madridga avvalgi kelishida muvaffaqiyatli ishlashgandi. Marca nashri esa Krishning kelajagini «PSJ» bilan bog‘ladi.
Keyingi kun Ronaldu Instagram sahifasida post joylab, uning nomini transfer mish-mishlari haqidagi xabarlarda ishlatishni bas qilishni so‘radi — u bu o‘ziga va nomi tilga olinayotgan klublarga hurmatsizlik hisoblanishini eslatdi.
4) 22 avgust kuni kechqurun yana shov-shuvli xabarlar oqimi kuzatildi. Taniqli insayder Fabritsio Romano tvitterda «Udineze»ga qarshi mavsumning birinchi o‘yinida ham Ronaldu zaxirada qolganini futbolchi klubdan ketmoqchiligi bilan izohladi. Shu bilan birga, jurnalist Turinga ushbu 36 yoshli portugaliyalik transferi borasida birorta so‘rov kelmaganini qo‘shimcha qilgandi.







