O‘zbekiston | 20:39 / 06.08.2020
6971
2 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagi yalpi majlisda 16 ta masala ko‘rib chiqiladi – Senat

Oltinchi yalpi majlis 7 avgust kuni videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladi. Jarayon Senatning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali jonli yoritiladi.

«Senatining oltinchi yalpi majlisi videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladi. Unda 16 ta masala, xususan, 8 ta qonun ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. «Ta'lim to‘g‘risida»gi, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va boshqa bir qator qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotini eshitish nazarda tutilgan», deyiladi yuqori palata axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan xabarda.

Qayd etilishicha, oltinchi yalpi majlisda Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlari himoyasini ta'minlash chora-tadbirlari yuzasidan va boshqa masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, kun tartibidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash kabi jinoyatlar sodir etilishi holati to‘g‘risida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatiga parlament so‘rovlari yuborish masalasi ham o‘rin olgan.

Senat yaxborot xizmati yalpi majlis yuqori palataning rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda «UzReport» telekanali orqali jonli efirda yoritib boriladi.

Mavzuga oid