01:01 / 25.12.2018
6822

Kobulda hukumat binolari majmuasiga qilingan hujum oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi

Foto: REUTERS/Omar Sobhani

24 dekabrda Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi hukumat binolari majmuasiga qilingan hujum oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston ichki ishlar vazirligida ma'lum qilindi.

Qurbonlarning aksariyatini tinch aholi vakillari tashkil qilgan.

Tolo News telekanalining ma'lum qilishicha, bir guruh qurollangan kishilar hukumat binolari majmuasiga hujum qilib, imkoniyati cheklangan odamlar va Afg‘oniston urushi qurbonlari oilalari ishlari boshqarmasi xodimlarini garovga olgan. Ekstremistlar dastlab jamoatchilik ishlari vazirligi yonida minalashtirilgan avtomobilni portlatishgan, so‘ngra o‘t ochishgan. Birinchi portlashdan biroz o‘tib yana ikkita portlash amalga oshirilgan. Bosqinchilar yuzaga kelgan sarosima va alg‘ov-dalg‘ovlikdan foydalanib, bino ichiga bostirib kirishgan.  

Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Nusrat Rahimiyning ma'lum qilishicha, hukumat kuchlari hujumdan 3 soat o‘tgach, ikki bosqinchini bartaraf etgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, hujumda hammasi bo‘lib 3 kishi ishtirok etgan. Rahimiyning ta'kidlashicha, binodan 200 xodimni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. 

Hujum uchun javobgarlikni hozircha hech qaysi bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.

Top