1961 yil dekabrning so‘nggi kunlarida MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi)ning Xelsinkidagi josusi Frenk Frayberg yashayotgan uyda telefon jiringlaydi. Josus telefonni ko‘targanida, «KGB mayori Anatoliy Golitsin sizni bezovta qilyapti», degan ovozni eshitadi.

Ingliz tilini buzib gapirayotgan bu ovoz SSSRning Finlandiyadagi elchixonasi xodimi Ivan Klimovning ovozi edi. Go‘shakdan «Ajablanmang, Anatoliy Golitsin mening haqiqiy ism-sharifim. Men oilam bilan AQShdan siyosiy boshpana so‘ramoqchiman» degan gaplarni eshitib, Frayberg lol qoladi.

O‘shanda Golitsin Fraybergga amerikaliklar uni va oilasini Xelsinkidan ikki soatda olib chiqib ketishlari lozimligini, aks holda qo‘lga tushib qolishi mumkinligini aytadi.

Zudlik bilan maxsus operatsiya o‘tkaziladi va Golitsin, xotini va qizi avval Shvetsiya poytaxti Stokholm shahriga o‘tkaziladi. So‘ng Germaniya orqali AQShga jo‘natib yuboriladi. KGB mayori Golitsinning AQShga qochib ketishi shu tarzda ro‘y bergan edi.

1953 yil 5 mart kuni SSSRni 31 yil (1922-1953 yillar) boshqargan qonxo‘r Stalin vafot etgach mamlakatda ko‘p narsa o‘zgarib ketadi. O‘sha yili uning eng ishongan odami, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan NKVD boshlig‘i Lavrentiy Beriya ham qo‘lga olinadi va sud qilinib, otuvga hukm qilinadi.

Shundan so‘ng Stalin davrida qatag‘on qilinganlar, jazolanganlarning ishlari qayta ko‘rilib, tirik qolganlar qamoqxonalardan ozod qilinadi.

O‘sha paytda Stalin tuzumining yovuz ishlari juda ko‘pchilikka aks ta’sir qiladi va ular kommunistik tuzumdan nafratlana boshlashadi. Bunday insonlar safida KGB xodimlari ham bo‘lgan va Anatoliy Golitsin ulardan biri edi.

Bu inson 1961 yilda AQShga qochib ketadi va KGBning juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarini oshkor qiladi. Oqibatda sovet maxfiy xizmatining xorijdagi juda ko‘plab josuslari oshkor bo‘ladi. KGB ularning bir qismini yashirishga muvaffaq bo‘ladi, qolganlar qo‘lga tushadi.

Keyinchalik MBRning josuslik tarmog‘ini boshqargan Jyeyms Englton Golitsinning AQShga qochib o‘tishi haqida «U G‘arbga qochib o‘tgan eng qimmatli josus edi», deb ta’rif bergandi.

Anatoliy Golitsinning yoshligi va KGBga xizmatga o‘tishi

Anatoliy Golitsin 1926 yilda Ukrainadagi Piryatin shaharchasida tug‘iladi. U maktabni bitirgach Moskvadagi harbiy maktabda tahsil oladi. Urush tugagach 1945 yilda Golitsin tashqi razvedka maktabida o‘qiydi va o‘sha paytda NKVD tarkibida bo‘lgan KGBga ishga olinadi.

1953 yil Beriya otuvga hukm qilingach NKVD va KGBning juda ko‘p xodimlari Stalin qatag‘onlaridagi ishtiroki uchun jazolanadi. O‘sha paytda Golitsin kichik xodim bo‘lgani uchun jazodan qutulib qoladi.