18:25 / 14.10.2023
55769

Qirg‘izistonda kriminal avtoritet o‘limi uchun qasos olishga borgan o‘zbekistonliklar ushlandi

O‘zbekistonlik uch nafar «yollanma qotil» avvalroq mahalliy huquq-tartibot idoralarining maxsus operatsiyasi paytida o‘ldirilgan kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyev uchun «qasos olish» maqsadida chegaradan noqonuniy o‘tgani aytilmoqda.

Uch nafar «yollanma qotil» Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganida ushlandi, deb xabar berdi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib 24.kg.

Qayd qilinishicha, bu shaxslar Qirg‘izistonga kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek (Qo‘lboyev) o‘limiga qasos olish uchun kirgan. Qo‘lga olish chog‘ida ular bir qator fuqarolarning qotilligiga aloqadorligi uchun qidiruvda ekani ma’lum bo‘lgan.

Ushlanganlar O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilmoqda: Karimberdiyev Oybek Abbos uulu (1997 yilda tug‘ilgan), Rustamov Azamat Shuhratovich (1996 y.t.) va Abdulkaffarov Islomxon Abdusamat uulu (1994 y.t.).

«Tergov-qidiruv tadbirlari davomida ular jinoiy dunyo vakillaridan Qamchibek Asanbek o‘limi uchun qasos olishga «buyurtma» olishganini ma’lum qilishdi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va «Alfa» maxsus xizmati bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar doirasida yuqoridagi jinoyatchilar 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga topshirildi», deyiladi xabarda.

4 oktyabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyev yo‘q qilindi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi qurolli qarshilik ko‘rsatgan uyushgan jinoiy guruh rahbari qo‘lga olish chog‘ida o‘ldirilgani haqida xabar berdi.

Shundan so‘ng, Qirg‘izistonda «tozalash» boshlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qamchibek Qo‘lboyevning jinoiy faoliyatiga aloqador yoki unga homiylik qilgan o‘nlab odamlar qo‘lga olingan.

Top