Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi joylashtirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi o‘qituvchilik faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va o‘qituvchilarning huquqiy maqomini to‘liq ifodalashni, uning kasbiy faoliyati, ijtimoiy-iqtisodiy mavqei, ijtimoiy himoya kafolatlarini joriy etishni ta'minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.

O‘qituvchi pedagogik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardir:

  • o‘quv va ta'limning insonparvarlik xarakter kasb etganligi, ta'lim oluvchining huquq va erkinliklariga, milliy madaniy an'analarga hurmat bilan qarash;
  • qonun talablarining ustuvorligi;
  • o‘quvchilarni tayyorlash, o‘qitish, tarbiyalashga shaxsan yo‘naltirilgan yondashuv;
  • umuminsoniy va axloqiy qadriyatlarga rioya qilish;
  • vatanga muhabbat, yuqori fuqarolik pozitsiyasi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ruhida o‘quvchilarni tarbiyalash;
  • ta'limning uzluksizligi;
  • pedagogik faoliyat usullari va shakllarini tanlash erkinligi;
  • ta'lim prinsiplarining yagonaligi;
  • ilm-fan, texnika va madaniyatning eng so‘nggi yutuqlari asosida o‘z bilimlarini takomillashtirib borish;
  • bolalar va yoshlar birlashmalari, mehnat jamoalari, shuningdek faoliyatlari amaldagi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan manfaatdor davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchilarning huquqiy maqomi jamiyat tomonidan tan olinadi va ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratiladi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi hamda ijtimoiy mavqei va obro‘-e'tiborini oshirish uchun huquq va erkinliklar beriladi.

Pedagogik ishlarning shartlari va xususiyati o‘qituvchi maqomini, o‘qituvchining huquqlarini, majburiyatlarini va javobgarligini o‘z ichiga olgan shuningdek ularni amalga oshirish kafolatlarini belgilaydi.

O‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan mustahkamlangan fuqarolarning barcha huquq va erkinliklariga ega.

Maktab tizimining tashkil etilishi butunlay yoki qisman o‘zgartirilgan bo‘lsa ham, o‘qituvchining rasmiy maqomining barqarorligi davlat tomonidan kafolatlanadi.