Internetga kiriş imkoniyati zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylandi. Biroq milliardlab odamlar hali ham raqamli dunyodan çetda qolmoqda.
Uşbu infografikada turli mamlakatlarda internetdan foydalanuvçilar uluşi körsatilgan. Uni tayyorlaşda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining (International Telecommunication Union, ITU) 2025-yilgi maʼlumotlari asos qilib olingan. Bu davrga oid maʼlumotlari mavjud bölmagan mamlakatlar uçun 2024-yilgi körsatkiçlardan foydalanilgan.
Bahrayn, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Birlaşgan Arab Amirliklarining barça aholisi internetga töliq kiriş imkoniga ega. Daniya (99,8 foiz) va Lyuksemburg (99,1 foiz) ham aholining deyarli barçasini internetdan foydalaniş imkoniyati bilan taʼminlaşga yaqinlaşgan. Reytingning qarama-qarşi tomonida Afğoniston turibdi: bu yerda aholining atigi 16,1 foizi internetdan foydalanadi. Uşbu körsatkiçlar raqamli tarmoqqa ulaniş darajasi eng yuqori va eng past bölgan mamlakatlar örtasidagi ulkan tafovutni yaqqol namoyon etadi.
Internetdan foydalaniş imkoniyati böyiça eng katta tafovutlarning ayrimlari Afrikaning Sahroyi Kabirdan janubdagi mamlakatlarida kuzatiladi. Nigeriyada aholining 41,2 foizi, Keniyada 35 foizi, Zambiyada esa atigi 29,7 foizi internetdan foydalanadi.
Asosiy tösiqlar orasida telekommunikatsiya infratuzilmasining yetarliça rivojlanmagani va mobil internet narxining yuqoriligi bor. Bu muammolar, ayniqsa, qişloq joylarda keskin seziladi, çunki u yerlarda tarmoqlarni quriş va kengaytiriş qimmatga tuşadi. Raqamli tengsizlikni qisqartiriş uçun tarmoqlar qamrovini kengaytirişning özi yetarli emas. Internetdan foydalanişni aholi uçun hamyonbop qiliş ham şunçalik muhim.
Internetdan foydalaniş darajasi eng yuqori bölgan ayrim mamlakatlar Osiyoda joylaşgan. Malayziyada aholining 98,3 foizi, Singapurda 97,4 foizi, Janubiy Koreyada esa 96,1 foizi internetdan foydalanadi. Ayni paytda Hindistonda bu körsatkiç 70 foizni, Filippinda esa 67,3 foizni taşkil etadi.
GSM assotsiatsiyasi maʼlumotlariga köra, Osiyo-Tinç okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlarda mobil tarmoqlar keng tarqalganiga qaramay, qariyb 1,2 milliard kişi hali ham internetga kiriş imkoniga ega emas. Bu qurilmalarni xarid qiliş imkoniyati, raqamli savodxonlik darajasi va mobil internet trafigi narxi tarmoq qamrovining mavjudligidan kam bölmagan ahamiyatga ega omillar ekanini körsatadi.
Yevropa rivojlangan telekommunikatsiya infratuzilmasiga ega hamda raqamli xizmatlardan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş böyiça muvofiqlaştirilgan siyosat olib bormoqda. Rossiya (95,6 foiz), Kanada (94,4 foiz), AQŞ (94,7 foiz) va Avstraliya (96,1 foiz) ham yuqori körsatkiçlarga ega. Uşbu mamlakatlar raqamli rivojlaniş darajasi böyiça ham jahon yetakçilari qatoriga kiradi. Biroq ularning qişloq hududlarida internetga ulaniş bilan boğliq muammolar saqlanib qolmoqda.









