6 dekabr kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida «O‘zbekistondagi islohotlar va parlament saylovlari» mavzusida media anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan suhbatda bo‘ldi.
«Hozir O‘zbekiston demokratiyasi uchun muhim saylovlar arafasida turibmiz. Saylovning ahamiyati O‘zbekiston bilangina cheklanib qolmaydi: O‘zbekistonning taqdiri, uning rivojlanish yo‘nalishi nafaqat Markaziy Osiyoga, balki kengroq miqyosda ham ahamiyat kasb etadi. Saylov jarayonlari xalqaro e'tiborni jalb etayotgani bejiz emas. Ko‘p savollar bor, qiziqish katta.
Saylov O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy-iqtisodiy reytinglariga ta'sir ko‘rsatadi. Sarmoyadorlar ko‘pincha u yoki bu mamlakatga pul tikish mumkinmi-yo‘qmi deganda birinchi navbatda u yerdagi siyosiy barqarorlik, xalq va hukumat o‘rtasidagi muloqot darajasi, huquqiy poydevor va qonun ustuvorligi masalalariga ahamiyat qaratishadi. Bularning barchasi parlament va parlament saylovlariga bog‘liq.
Demak, oldimizda turgan hodisa nafaqat siyosiy ahamiyatga ega; saylovlar O‘zbekistonga iqtisodiy manfaat ham olib kelishi mumkin», – deydi Safoyev.
– Yangi saylanadigan parlament hozirgisidan qanchalik va qaysi jihatlari bilan farq qiladi, deb o‘ylaysiz?
– Albatta, buni saylov ko‘rsatadi. Biz o‘z umidlarimizni aytishimiz mumkin. Kelajak parlament – bu O‘zbekiston siyosatchilarining yangi avlodi. Ular xalqning orzu-umidlari va mushkulotlarini chuqur tushungan, ich-ichidan anglagan va ularni sidqidildan ilgari surishga tayyor bo‘lgan, vatani uchun, xalqi uchun jon kuydiradigan samimiy insonlar bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, yangi parlament yuqori darajada professional, xalqaro miqyosda raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Chunki O‘zbekistonning kelajagi va mamlakatning raqobatbardoshligi birinchi navbatda uning qonunlari bilan, parlament o‘z funksiyalarini bajarishi bilan bog‘liq. Yangi parlament shunga qobil bo‘lishi kerak.
Eng muhimi, parlament dovyurak bo‘lishi kerak. Hukumatni tanqid qilishi, hukumatning turli organlarini javobgarlikka tortib, qonunlar va xalqaro majburiyatlarimizni ijro etishga nafaqat da'vat etish, balki kerak bo‘lsa majbur qilishga qodir organ bo‘lishi kerak. Buni xalqimiz kutyapti.
















