"O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritiladi:
104-moddaning (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) ikkinchi qismining “k” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa - besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) quyidagi mazmundagi “k” va “l” bandlar bilan almashtiriladi:
“k) bir guruh shaxslar tomonidan;
l) sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa”;
105-modda (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) ikkinchi qismining “l” bandi (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa - uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) quyidagi mazmundagi “l” va “m” bandlar bilan almashtiriladi:
“l) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
m) sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa”.















