O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatining barqaror rivoji uchun barcha muhim asoslar yetarli: yuqori sifatli xomashyo resurslari, energotashuvchilar, malakali va nisbatan qimmat bo‘lmagan ishchi kuchi va boshqalar. 

"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari  Bahodir Alixonovning "Shveytsariya to‘qimachilik mashinasozligi" simpoziumida aytgan so‘zlariga ko‘ra, Mustaqillik qo‘lga kiritilganidan keyin O‘zbekistondagi to‘qimachilik sanoati ikki asosiy yo‘nalishda rivojlangan: xomashyoni chuqur qayta ishlash maqsadida ishlab chiqarish jarayonlarining modernizatsiyasi va eksport ko‘lami, raqobatbardosh mahsulotlarni kengaytirish. 

"Ulkan resurs imkoniyatlari, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishga intilish, innovatsion ishlanmalarni keng tatbiq qilish, xalqaro sifat standarti va ekologik talablarning ustuvorligi xorijiy kompaniyalarning yurtimizdagi to‘qimachilik biznesi yo‘nalishlariga  qiziqishini orttirdi. 

O‘zbekiston xorijiy hamkorlar bilan ishlash borasida salmoqli tajribaga ega, shu jumladan yirik insvestitsion loyihalarni amalga oshirishda ham. Bugun bu hamkorlik yangi bir bosqichga ko‘tarilmoqda. To‘qimachilik mashinasozligiga bo‘lgan alohida e'tibor bunga yaqqol misol bo‘la oladi", - deydi B.Alixonov. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda to‘qimachilik mashinalarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahon bozori yetakchilaridan biri hisoblangan  Shveytsariyaning Rieter kompaniyasi bilan to‘qimachilik uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq Toshkentda to‘qimachilik texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi Rieter Uzbekistan korxonasi tashkil etildi, shu bilan birga zamonaviy trening-markaz ish boshladi. Mazkur markazda ishchilar yangi, zamonaviy texnologiyalarda to‘g‘ri ishlashni o‘rganishadi. 

Mutaxassisning ta'kidlashicha, 2018-2021 yillar uchun Tuzilmaviy yangilanishlar, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishga doir qator chora-tadbirlar dasturi amalga oshirildi. Dastur doirasida umumiy hajmi 2,4 milliard dollarni tashkil qiluvchi 143 ta salohiyatli to‘qimachilik loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. To‘qimachilik mashinasozligi yetakchilari ishtirokida mamlakatning barcha hududlarida vertikal integratsiyalashgan to‘qimachilik komplekslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek mavjud to‘qimachilik mashinasozligini modernizatsiya qilish va kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Foto: KUN.UZ