Jahon | 22:42 / 18.01.2022
17704
8 daqiqa o‘qiladi

«Bir necha oy terrorchidek uxladim» – Navalniyning qamoqxona ustidan sudga kiritgan arizasi qanoatlantirilmadi

Bundan bir yil avval rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytgandi. Qaytiboq qo‘lga olingan siyosatchi o‘shandan buyon qamoqda. Ustidan bir nechta ish ochilgan Navalniy «Iv Roshe ishi» bilan qamaldi. Butun dunyoda Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalar o‘tkazilayotgan bir vaqtda uning o‘zi qamoqxona kamerasidan ko‘rinish berdi. Bu gal ayblanuvchi emas, da’vogar bo‘lib.

Foto: BBC

Gap shundaki, Aleksey Navalniy ikkita da’vo bilan o‘zi saqlanayotgan Pokrovedagi ikkinchi raqamli qamoqxonani sudga berdi. Navalniyning da’vosiga ko‘ra, u qamoqxonada bo‘laturib OAVda ishlab topgan pulini ololmayapti. Ya’ni, Navalniy «Klyuch» axborot agentligida ishlagani uchun unga maosh yozilgan. Qamoqxonada esa bu pullarini olib ishlatishiga qarshilik qilishmoqda.

Ikkinchi da’voga ko‘ra, Navalniy o‘zini bir necha oy avval ekstremist sifatida profilaktik ro‘yxatga olishganidan norozi.

Sud boshlanishi bilan Navalniyning Telegram-kanalida uning qamoqxonadagi bir yilligiga bag‘ishlangan posti paydo bo‘ldi. Unda siyosatchi shunday degandi: «Qamoqxonada bir yil o‘tirgan bo‘lsam-da, o‘sha meni bu yerga olib kelishganda sizga aytgan gapimni takrorlamoqchiman: hech narsadan qo‘rqmang».

Navalniy sudda onlayn tarzda ishtirok etdi. Qafasga solingan siyosatchi ekrandan hammaga tabassum bilan qo‘l siltadi.

OAVda va tikuv sexida ishlash

Sud, avvalo, Navalniyning birinchi ishini ko‘rib chiqdi. Siyosatchi «Klyuch» axborot agentligi bilan mehnat shartnomasi tuzgani va maosh olishini aytdi. Ammo bu qanday agentlik ekani, maoshi qanchaligiga oydinlik kiritmadi. Bu agentlikda ishlagani uchun Navalniyning hisob raqamiga pul tushib turibdi. Qamoqxona esa har oyda mahbuslarga beriladigan limitga bu pullarni kiritmayapti. Limit oyiga 9 ming rublni tashkil etadi.

«Qamoqxona oshxonasi yaxshi emas, tanlov kam. Shu sabab qamoqxonadagi do‘kondan ul-bul sotib olish uchun pul kerak bo‘ladi», dedi Navalniyning advokati Vadim Kobzev.

Qamoqxona vakili esa oylik pul limitiga faqat kolonna tashkil qilgan ishdan topilgan pul qo‘shilishi, boshqa ishdan kelgan pulni qo‘shib bo‘lmasligini aytgan. O‘z navbatida koloniyadan turib, OAVda ishlashga cheklov yo‘qligi aytilgan.

«Menga faqat koloniya belgilagan ishning maoshini olishim mumkinligini aytishdi. Lekin jinoyat-ijroiya kodeksida aniq qilib yozib qo‘yilgan: limitga har qanday ishdan olingan maosh kiradi, tamom. Men o‘qishimni tamomlasam, tikuv sexida ish boshlayman va ikkita joydan maosh ola boshlayman. Shunda ikkita daromadli ishi bor kam sonli baxtli rossiyaliklardan biri bo‘laman», dedi siyosatchi. Uning aytishicha, tikuv sexiga ishga kirgach, oyiga 6 ming rubl maosh oladi.

«Taraflarda aytadigan gap bo‘lmasa, ortiq intrigaga o‘rin yo‘q», dedi sudya. «Hamma intriga sizning qaroringizda», dedi Navalniy javoban.

Shu tariqa Navalniyning birinchi da’vosi bekor qilindi. Sudya tezda ikkinchi ishga o‘tdi. Unda Navalniy o‘zini ekstremist sifatida ro‘yxatga olishganidan norozi bo‘lgan.

«Ma’lumotlar maxfiy»

2021 yil oktyabr oyida Navalniy terrorizm va ekstrimizmga moyilligi uchun maxsus profilaktika ro‘yxatiga kiritilgan. Siyosatchi va tarafdorlari bu qaror bo‘yicha tortishmoqda. Ikkinchi da’vo arizasini ko‘rish boshlanganda Navalniyning advokatlari arznoma bir necha haftadan buyon ko‘rilmayotganini aytishdi. Jazoni ijro etish xizmati vakillari esa hech qanday hujjat olishmagani, balki koloniyaning elektron pochtasi bloklanganini aytgan.

Navalniyga ish bo‘yicha hujjatlar taqdim etilganda hazillashib qo‘ydi: «Mening elektron pochtam yo‘qligi qanday yaxshi». Sudda Jazoni ijro etish xizmati Navalniy uchun ishlab chiqilgan profilaktika rejasini ko‘rsatdi. Siyosatchining vakillari esa uni profilaktik ro‘yxatga kiritgani noqonuniy ekanini aytishmoqda. Ularning fikricha, Navalniy qamoqxonada o‘zini tutish bilan ekstremistik ro‘yxatga tushgulik ekanini ko‘rsatmagan.

Navalniyning aytishicha, u va boshqa profilaktik ro‘yxatga kiritilgan mahbuslarga qamoqxonada boshqacha munosabatda bo‘lishmoqda. Xususan, ularning karavotlariga ro‘yxatda ekanliklarini ifodalovchi chiziq chizilgan. Navalniyning e’tirozidan keyingina chiziqlar olib tashlangan.

«Chiziqlar olib tashlandi, lekin ular bor edi. Men bir necha oy terrorchiga o‘xshab uxladim. Bugun administratsiyadan kelib, terrorizmga moyilligim borasidagi muddatim uzaytirilganini aytishdi. Bu menga yoqmayapti», dedi Navalniy.

Koloniya hujjatlarida Navalniy u tashkil qilgan fond sud tomonidan ekstremistik tashkilot deb topilgach, maxsus ro‘yxatga kiritilgani keltirilgan. Shuningdek, Navalniy namoyishlar tashkil qilgani uchun bir necha bor ma’muriy javobgarlikka tortilgani iddao qilingan.

Koloniyadagi hujjatga ko‘ra, Navalniy qamoqxonadagi boshqa mahbuslarga ham o‘zining Korrupsiyaga qarshi kurash fondi g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Ammo siyosatchi bunga qarshi fikr bildirdi: «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi va men anchadan buyon faoliyat yuritib kelamiz. [Qamoqxonada] televizorda qaysidir firibgarni ko‘rsatishsa, uning dachasini qanday topganim haqida gapirib berganman. Tashkilotdagi o‘rnim haqida esa gapirmaganman», dedi Navalniy.

Bir mahal sud majlisiga koloniya xodimi bo‘lmish Aydar Sadikovni olib kirishdi. U Navalniy ekstremistik ro‘yxatda turishi kerakligini aytdi. Navalniy esa u bilan muloqotga kirishdi.

Navalniy: Siz kimgadir aynan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi haqida gapirganimni eshitdingizmi?

Xodim: Bu qanday sodir bo‘lganiga aniqlik kirita olmayman, chunki bu maxfiy.

Sudya: Navalniy kim bilandir Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi haqida gaplashganini eshitdingizmi?

Xodim: Menga ma’lumot kelib tushdi.

Sudya: Ma’lumot qayerdan kelganini ayta olasizmi?

Xodim: Yo‘q.

Sudya: Lavozimingiz nima ekanini ayta olasizmi?

Xodim: Lavozimim maxfiy, ayta olmayman.

Navalniy: Guvoh deganlari Betmendan keyin maxfiylik bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishini aytarkan-u, lekin tayinli hech nima demaskan-da, a?

Bundan keyin Navalniy va xodim o‘rtasidagi tortishuv yana davom etdi. Keyinchalik sud majlisi 1 fevralga qoldirilgani ma’lum qilindi.

Rossiya hukumatining ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Aleksey Navalniy o‘zining Korrupsiyaga qarshi kurash fondi yordamida ko‘plab mansabdorlar haqida surishtiruvlar olib borgan. Navalniyning oxirgi surishtiruvi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Gelenjikdagi saroyi haqida bo‘lgandi.

2020 yil Navalniy Tomskdan Moskvaga uchayotgan vaqtda noma’lum moddadan zaharlanib, hushini yo‘qotgandi. Omsk shahriga majburiy qo‘ngan samolyot Navalniy omon qolishiga yordam beradi. Chunki aeroportda unga og‘uga qarshi vosita yuboriladi. Siyosatchining oilasi uni Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketadi. Sentyabr oyida o‘ziga kelgan Navalniy uni «Novichok» moddasi bilan zaharlashganini aytgandi. 2021 yil 17 yanvar kuni Moskvaga qaytgan siyosatchi o‘sha kuniyoq qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid