Jamiyat | 22:39 / 27.07.2019
58685
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir «snos» bo‘yicha Xorazmda yig‘ilish o‘tkazdi. Rahbarlarga hayfsan e'lon qilingan

2019 yil may-iyun oylarida Xorazm viloyati, Urganch shahri Ashxobod ko‘chasidagi yerlar davlat ehtiyoji uchun qaytarilishi munosabati bilan buzib olish va odamlarni ko‘chirish ishlari boshlangandi.

Urganch shahri bosh rejasiga asosan, Ashxobod mahallasi sanoat mintaqasi hududi hisoblanadi. Bu yerga 50-60 yil avval aholi ko‘chib kelib, uy-joy qurib, o‘rnashib qolgan. Shu yili 400ga yaqin xonadonda yashovchi aholining uy-joylari buzib olinib, Urganch tumani Chondirqiyot qishlog‘idan yer ajratib berilgan va to‘liq ko‘chirib yuborilgan.

Biroq, xonadon egalarining ba'zilariga kompensatsiya puli qisman bo‘lsa-da berilmagan. Natijada, aholi va shahar hokimligi o‘rtasida katta mojaro kelib chiqdi.

26 iyul kuni Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan va dalada palatka va kapa qurib yashayotgan, ammo 1-2 oydan beri kompensatsiya pulini ololmayotgan aholining sabr kosasi to‘ldi. Shu kuni soat taxminan 21:00da ular Urganch – Xonqa yo‘lining qatnov qismini to‘sishdi.

YouTube

Natijada, bir necha soat davomida katta qatnov yo‘lidan avtomobillar harakati to‘xtab qoldi.

Mojaro kelib chiqishi kompensatsiya puli berilmasligi, berilsa ham uning miqdori juda oz bo‘lgani bilan bog‘liq. Gap shundaki, 26 iyul kuni Milliy Bank tomonidan bu fuqarolarga kompensatsiya puli tarqatila boshlagan. Biroq, uning miqdori kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan qiymatning atigi 8 foizi ekani ma'lum bo‘lganidan so‘ng, aholi orasida norozilik kayfiyati kuchaygan. Chunki fuqarolar va Urganch shahar hokimligi o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartnomasida kompensatsiya puli ikki qismga bo‘linib to‘lanishi belgilangan edi.

Kompensatsiya pulining dastlabki qismi juda oz miqdorda ekani odamlarni norozi qilgan. Ular Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayevning kelishini, kelishuv shartnomasiga amal etishini talab qila boshlashgan. Tartibsizliklar natijasida qurilish ketayotgan hududda o‘rnatilgan va bo‘sh turgan bir necha palatkalar buzib tashlangan. Shundan so‘ng, Urganch – Xonqa yo‘lining bir qismi odamlar tomonidan to‘silgan.

27 iyul kuni Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov va'da qilganidek ertalab soat 8:00da Chondirqiyot qishlog‘iga kelib, aholi bilan uchrashdi, ularning muammolarini tingladi va ishchi guruhini tuzdi. Viloyat rahbariga peshvoz chiqqan odamlar o‘z muammolarini bayon qilishdi. Xususan, yer ajratish va kompensatsiya miqdorini belgilash jarayonida adolatsizlik qilingani, uyda yashovchi oilalar soni e'tiborga olinmagani, kompensatsiya pulidan ma'lum qismi ushlab qolingani, shu paytgacha pul berilmagani, uy-joylar shoshma-shosharlik bilan buzib tashlangani, natijada odamlar o‘z uyidan chiqqan qurilish materiallarini olib chiqib ketolmaganini, 2 oydan beri ochiq osmon ostida yashab, sovuq kunlar yaqin qolishiga qaramay, hanuzgacha uy-joylarini tiklab olishga imkon topolmayotganidan shikoyat qilishdi.

Farhod Ermanov har bir xonadon vakili bilan uchrashib, ajratilgan yerning miqdoridan norozi bo‘lganlarga, nogironligi bor shaxslarga, homilador ayollari bor oilalarga qo‘shimcha yer ajratish, kompensatsiya pulidan 10 foiz miqdoridagi mablag‘ni ushlab qolinishini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. 10 avgustgacha barcha xonadon egalari bilan kompensatsiya miqdori 100 foiz hisob-kitob qilinishini va'da qildi. Shuningdek, uy-joy qurish uchun sement va shag‘al toshni bozor narxidan 10 foiz arzon qilib berilishi, qumni va ishchi kuchini esa bepul berilishini aytdi.

Ushbu voqealardan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganchda kelib chiqqan tushunmovchilikni joyiga chiqib o‘rganish, tahlil qilish va ijobiy hal etish uchun bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq berdi.

Bosh vazir Angrendan Xorazmga yetib borib, Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan odamlar bilan uchrashdi va ular bilan suhbatlashdi.

27 iyul kuni tushdan keyin Milliy Bankning Urganch bo‘limi xodimlari tomonidan kompensatsiya pullari tarqatila boshlandi. Rejaga ko‘ra, shu bugunning o‘zida 207ta xonadon egasiga kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan kompensatsiya pulining 50 foizi miqdorida, jami 21 milliard so‘m taqsimlab beriladi.

Xorazm viloyati hokimligi odamlar bilan to‘liq hisob-kitob qilish uchun Respublika budjetidan qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilgan. Jami 394ta xonadon egasi 70 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pulini olishi ko‘zda tutilmoqda.

Ma'lum qilishlaricha, hukumat joylarda obodonlashtirish ishlari, jumladan, buzilishlar yuzasidan bir guruh deputatlar tomonidan yuborilgan so‘rovni o‘rganib chiqmoqda, qonunchilikda belgilangan tartibda deputatlarga va jamoatchilikka bu haqda qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida snos masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urganch shahri hokimi Shuhrat Abdullayev va shahar prokurori Davlatovga yo‘l qo‘ygan xatolari uchun hayfsan e'lon qilindi.

Mavzuga oid