O‘zbekiston | 15:18 / 18.09.2020
67532
2 daqiqa o‘qiladi

SSV koronavirus qurboniga aylangan 11 yoshli bola o‘limi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus oqibatida vafot etgani ma'lum qilingan 11 yoshli bo‘stonliqlik bola bir necha yildan beri og‘ir tashxis bilan dispanser nazoratida turgan.

Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida istiqomat qilgan 11 yoshli fuqaro M.O‘.ning vafoti yuzasidan shuni ma'lum qilamizki, bemor 5 sentabr kuni ertalab soat 8:00 da tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga tez tibbiy yordam mashinasida olib kelingan. Bolada o‘sha vaqtda burundan qon ketishi, tana haroratining 38 darajaga ko‘tarilishi, nafas siqishi kuzatilgan. Ko‘krak qafasi rengeni qilinganda 50 foiz zararlanish aniqlangan.

Bola 2012 yildan buyon surunkali glomerulonefrit, nefrotik shakli, surunkali buyrak yetishmovchiligi, kamqonlik va semizlikning uchinchi darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan va nogironlik nafaqasi olib kelgan. Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar nefrologiya bo‘limida yuqoridagi tashxis bilan yiliga 2 marta statsionar sharoitda davolanib turgan. So‘nggi bor 2020 yil 11-20 iyul kunlarida Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining nefrologiya bo‘limida davolangan. 

Bemor Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida infeksionist, reanimatolog, pediatr shifokorlari tomonidan konsilium qilingan va unga koronavirus tashxisi qo‘yilib, tezkor tartibda Chirchiq shahridagi shu sohaga ixtisoslashgan shifoxonaga keltirilgan. 

Ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor surunkali glomerulonefrit, buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichi, semizlik va anemiyaning uchinchi darajasi, ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir shakli natijasida vafot etgan», deya Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma'lumotini keltirgan vazirlik matbuot xizmati.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati 5 sentabr kuni ro‘y bergan ushbu o‘lim holati haqida 17 sentabr kuni ma'lumot berdi. Vazirlikning rasmiy statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda shu kungacha 417 kishi koronavirusdan vafot etgani tasdiqlangan.

Mavzuga oid