Qirgʻiziston ilk bor koinotga oʻz milliy sunʼiy yoʻldoshini uchirdi. Parvoz 2026-yil 1-oktabrda Kaliforniyadagi AQSH Kosmik kuchlarining Vandenberg bazasidan amalga oshirildi. Sunʼiy yoʻldosh SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasida uchirildi.
Qurilma orbitaga bitta raketa tomonidan yetkazilgan 130 ga yaqin kosmik apparatlar guruhi tarkibida chiqdi. Uchirish marosimida AQShda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan prezident Sadir Japarov ishtirok etdi.

Prezident administratsiyasidan maʼlum qilishlaricha, loyiha Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Sunʼiy yoʻldosh Bishkekdagi markazdan boshqariladi.
Sunʼiy yoʻldosh nimaga kerak?
Koinotdan olingan maʼlumotlardan, birinchi navbatda, mamlakat hududini kuzatish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda. Sunʼiy yoʻldosh quyidagilarning holatini kuzatib boradi:
- qishloq xoʻjaligi yerlari va yaylovlar;
- muzliklar va suv obyektlari;
- oʻrmonlar va tabiiy ekotizimlar.
Bundan tashqari, kosmik suratlar yer qaʼridan noqonuniy foydalanish, ruxsat etilmagan chiqindixonalar va boshqa ifloslanish manbalarini aniqlashga yordam beradi. Ular, shuningdek, qurgʻoqchilik, suv toshqinlari, koʻchkilar, sellar va oʻrmon yongʻinlari kabi tabiiy xavf-xatarlarni baholash uchun qoʻllaniladi. Prezident administratsiyasida taʼkidlanishicha, bu tahdidlarni tezroq payqash va ehtimoliy zararni kamaytirish imkonini beradi.

Rasmiylarga koʻra, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari superkompyuter texnologiyalari bilan birgalikda iqtisodiyot va tabiiy resurslarni yanada aniqroq boshqarish uchun asos boʻladi. Orbitadan olingan maʼlumotlardan davlat miqyosidagi qarorlarni qabul qilish, investitsiyalarni rejalashtirish va davlat dasturlarini nazorat qilishda ham foydalanish rejalashtirilgan.








