DW xabariga koʻra, pontifik 28-sentabr kuni Fransiyaga toʻrt kunlik tashrifini yakunlar ekan, Mets shahrida dunyoda shafqatsizlik kuchayib borayotganidan ogohlantirgan.

«Bugungi kunda odamlar oʻrtasidagi va davlatlararo munosabatlar tobora vahshiyona tus olmoqda», - degan u «Yevropa ibtidosida - tinchlik va birlik yoʻlida» nomli uchrashuvda.

Lev XIVning fikricha, Yevropa oʻzi shakllantirib, saqlab qolishga erishgan insonga hurmat tamoyili orqali siyosatdagi tobora chuqurlashayotgan tanazzulni toʻxtata oladi.

Metsdagi ramziy tashrif

Mets shahri Yevropa integratsiyasi asoschilaridan biri Rober Shuman nomi bilan chambarchas bogʻliq.

Rim papasi Shuman Yevropani xalqaro huquqqa hurmat asosiga qurilgan, qurolli toʻqnashuvlardan koʻra muloqotni afzal biladigan qitʼa sifatida tasavvur qilganini eslatgan.

epd agentligi maʼlumotiga koʻra, Katolik cherkovi Shumanni muboraklar safiga kiritish - beatifikatsiya jarayonini olib bormoqda. Agentlik Rim papasining Yevropa haqidagi nutqini Fransiya safaridagi eng muhim siyosiy chiqish sifatida baholagan.

«Tinchlik uchun ayrim pozitsiyalardan voz kechish zarur»

Lev XIV Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokidagi chiqishida yevropaliklarni tinchlik oʻrnatish yoʻlida harakat qilishga chaqirgan.

«Muzokaralarda jasorat koʻrsatish va oliy neʼmat - tinchlik yoʻlida ayrim pozitsiyalardan voz kechishga tayyor boʻlish zarur», - degan pontifik.

AFP agentligi xabariga koʻra, u Ukrainadagi urushni bevosita tilga olmagan. Biroq «har kuni behisob tinch aholi vakillarining hayotiga zomin boʻlayotgan maʼnosiz qirgin»dan afsus bildirgan.

Fransiyaga toʻrt kunlik safar

Tashrif davomida Lev XIV Parijda Emmanuel Makron bilan uchrashgan va YUNESKO qarorgohiga borgan. Shuningdek, Parij Bibi Maryam soborida ibodat qilib, «Stad de Frans» stadionida qariyb 80 ming nafar yosh bilan uchrashgan.

Keyinroq Rim papasi Parijdagi Kelishuv maydonida diniy marosim oʻtkazgan. Yelisey maydonlari boʻylab maxsus papamobilda harakatlangan pontifikni qutlash uchun qariyb 800 ming kishi kelgan.