IELTS`dan 6,5 ball, SAT imtihonidan 1100 ball to‘plagan 17 yoshli o‘smir jami 29ta universitetga kirgan. Sunnatillo Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qanday qilib bunday natijaga erishgani haqida so‘zlab berdi.

«Men umumiy hisobda 29ta universitetga kirishga muyassar bo‘ldim. 27tasi xorijda – Amerika, Angliya, Shveytsariya, Germaniya va Dubayda joylashgan, ikkitasi O‘zbekistonda.

Hujjat topshirish jarayoniga kelsak, Amerikada Common Application degan platforma bor. Siz u yerda 20ta universitetga hujjat topshirishiz mumkin. Men Common Application`dan 5ta universitetga topshirdim.

Qolgan univeritetlarga esa, har bir universitetning qabul uchun onlayn ariza yuborish tizimi bor, shu orqali ham hujjat topshirdim. Onlayn hujjat topshirishda sizga xalqaro talabalar bilan shug‘ullanadigan konsultant beradi. Siz o‘sha odam bilan hujjat topshirish jarayoni, universitetga qanday kirish, nimalar kerakligini so‘rasangiz bo‘ladi.

Angliyaga keladigan bo‘lsak, u yerda ham xuddi shunday platforma bor. Xalqaro va Angliyani talabalari uchun chiqarilgan platforma UCAS deyiladi. Men UCAS orqali 3ta universitetga kirdim. Qolganlariga esa Amerikadagi universitetlar bilan bo‘lgani kabi, onlayn ariza topshirish orqali kirdim.

– Bu hujjat topshirish jarayonida nimalarga e’tibor berish kerak? Xorijiy o‘quv yurtlari qanday talablar asosida qabul qiladi, nimalarga ahamiyat qaratadi?

– Xorijdagi universitetlar birinchi navbatda xalqaro talabalarning baholariga, IELTS sertifikati, SAT sertifikati ballari, litsey yoki maktabdagi baholariga juda katta e’tibor qaratadi.

O‘qishdan tashqari nimalar bilan band bo‘lganingizga ham ancha katta e’tibor qaratiladi. Misol uchun, volontyorlik, master-klasslarda qatnashganlaringiz, qaysi konferensiyalarda qatnashgansiz, sport sohasidagi yutuqlaringizni ham inobatga olishadi.

– Qabul qilingan oliy o‘quv yurtlaringizdan qaysi birida o‘qishni davom ettirmoqchisiz?

– Niyatim – Amerika yoki Angliyada o‘qimoqchiman. Sababi Amerika va Angliya universitetlari dunyo bo‘yicha eng yuqori o‘rinda turadi. Ularning reytingi juda baland.

Agar IELTS, SAT imtihonlaridan ballaringiz yoki maktab, litseydagi baholaringiz yaxshi bo‘lsa, ular sizga scholarship, ya’ni grant berishga tayyor. Ular qobiliyatli bolalarni qidirishadi.