«Dunyo» axborot agentligi xabariga köra, Özbekistonning Londondagi elçixonasida Xeriot-Uatt universiteti rahbariyati bilan muzokaralar ötkazildi.
Uçraşuvda taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida qöşma loyihalarni amalga oşiriş, professor-öqituvçilar hamda talabalar almaşinuvini rivojlantiriş masalalari körib çiqildi. Şuningdek, ilmiy tadqiqotlar va malaka oşiriş yönalişlarida hamkorlik qiliş istiqbollari muhokama etildi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri universitetning Özbekistonda öz kampusini oçiş imkoniyati böldi. Hozirça kampusni oçiş böyiça yakuniy qaror yoki uning iş boşlaş muddati haqida maʼlumot berilmagan.
Universitet vakillari Özbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni kengaytirişga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, qöşma taʼlim loyihalarini yölga qöyiş, professor-öqituvçilar uçun malaka oşiriş dasturlari va treninglar taşkil etiş hamda birgalikda ilmiy tadqiqotlar ötkazişga qiziqiş bildirildi.
Tomonlar «ikki tomonlama diplom» tamoyili asosida hamkorlik qiliş imkoniyatlarini ham körib çiqdi.
Xeriot-Uatt universiteti 1821-yilda Şotlandiyada «Edinburg sanʼat maktabi» nomi bilan taşkil etilgan. Oliygoh ilmiy tadqiqotlar va taʼlimdagi innovatsion yondaşuvlari bilan tanilgan.
«Dunyo» AA keltirgan maʼlumotlarga köra, universitetda xorijiy kampuslari bilan birga qariyb 31 ming talaba tahsil oladi, 2 mingdan ortiq öqituvçi faoliyat yuritadi.













