Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliqdan ozod gadjetlar va tojga da’vogar Sindorov - hafta dayjesti
O‘zbekistonda bond omborlari ochiladigan bo‘ldi: iPhone va Macbook narxlari arzonlashadimi? Ozodlik uchun naqd 200 mlrd so‘m yoki qariyb 16 mln dollar: vazir o‘rinbosari buncha pulni qayerdan olgan? Qurilishga ruxsat olishdagi korrupsiyani prezident ham tanqid qildi: vazirlik tadbirkorni nohaq ayblagan ekan-da? Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid muhim voqealari sharhi – Kun.uz dayjestida.
Smartfon va noutbuklar importida yangi tartib
O‘zbekistonga smartfon va noutbuk importining yangicha kanali ochilyapti. Bu haqdagi prezident qarori e’lon qilingach, telefonlar narxi arzonlashishi mumkinligi haqida taxminlar yangray boshladi. Chunki yangi tartib doirasida odamlar shaxsiy ehtiyoji uchun ayrim import tovarlarni soliq to‘lamasdan sotib olishi mumkin bo‘ladi.
Oddiyroq tushuntirsak, hozir do‘konga borib 20 mln so‘mga iPhone sotib olsangiz, davlatga 12 foiz stavkada 2 mln 400 ming so‘m QQS to‘lagan bo‘lasiz. Soliqdan tashqari, tovar narxining ichida import boji ham o‘tiradi. 1 iyuldan ishga tushadigan yangi tartib iste’molchiga ayrim tovarlarni ana o‘sha QQSni umuman to‘lamasdan, bojni esa pasaytirilgan stavkada to‘lagan holda xarid qilish imkonini beradi.
Qarorga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab mahalliy va xorijiy korxonalar litsenziya asosida bond omborlarini ochish huquqini oladi. Bond omborining boshqa erkin omborlardan farqi shundaki, u yerdagi tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri jismoniy shaxslarga sotsa bo‘ladi. Bunda, chakana sotuvlar faqat alohida reyestrga kiritilgan marketpleyslar orqali amalga oshiriladi.
Boshqacha aytganda, importning bu yangicha kanali quyidagicha ishlaydi: importyor tovarlarni olib kelib, QQS va bojxona bojini to‘lamagan holda bond omboriga joylashtiradi, keyin uni elektron platforma orqali jismoniy shaxslarga sotadi.
Jismoniy shaxslarning xorijdan bojsiz tovar olib kirishiga doir cheklangan normalar yangi tartibga nisbatan tatbiq etilmaydi. Lekin bond omboridan chiqqan tovarlarni tijoriy maqsadda aylanmaga kiritish mumkin emas, ya’ni “shaxsiy ehtiyojim uchun xarid qildim” deya, soyadagi biznesga aylantirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq va boj stavkalariga kelsak, bond omborlari orqali sotiladigan tovarlar ikki guruhga ajratilgan. Birinchi guruhga:
- smartfon, noutbuk va planshetlar;
- elektr choynak, sharbat chiqargich va mikser kabi oshxona jihozlari;
- soch quritish uchun fen, dazmol va radiokarnay kabi maishiy texnikalar kiritilgan.
Bu tovarlarni QQS to‘lamasdan, 5 foizlik yagona bojxona to‘lovini to‘lab, faqat shaxsiy ehtiyoj uchun sotib olish mumkin.
Ikkinchi guruhdagi tovarlar xaridida esa, QQS plyus 3 foizlik boj undiriladi. Bu ro‘yxat:
- kiyim-kechak va poyabzallar;
- barcha turdagi soatlar;
- videoo‘yin qurilmalari;
- va ayrim texnikalardan iborat.
Ikkinchi ro‘yxat birinchisidan nafaqat budjetga to‘lovlarning ko‘proqligi bilan, balki brend tovarlarga taalluqli emasligi bilan ham ajralib turadi: xalqaro tan olingan brendlarning original kiyim-kechaklari va poyabzallarini bond omboriga joylashtirish taqiqlangan. Qisqasi, yangi tartib – Samsung yoki Apple smartfonlaridan farqli o‘laroq, Skechers oyoq kiyimlarini arzonroq narxda buyurtma qilish imkonini bermaydi.
Ta’kidlash kerakki, iste’molchilar uchun yangi imkoniyat sifatida taqdim etilayotgan bu yangilikning muvaffaqiyati – bond ombori uchun litsenziya berish va marketpleyslarni maxsus reyestrga kiritishda raqobat muhiti ta’minlanishiga bog‘liq. Chunki monopoliya paydo bo‘lgan taqdirda, soliq va bojlarning pastligi yakuniy iste’molchiga kelganda deyarli sezilmay qolishi mumkin.
Renovatsiya qonuni mulk huquqiga zidmi?

Navbatdagi yangilik – asosan shaharlarda, eski ko‘p qavatli uylarda yashovchilarga taalluqli. Senat tasdig‘idan o‘tgan yangi qonunga ko‘ra, renovatsiyaga tushgan uylarning mulkdorlarida buzilayotgan uyi uchun xohlagancha miqdorda kompensatsiya undirish huquqi so‘roq ostida qolyapti.
Mavzuga kirishdan avval, renovatsiya haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Renovatsiya – eskirgan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rniga yangilarini qurish degani. Jarayon kompleks tusda bo‘lishi hisobiga, ko‘plab muammolarga ega eski uy-joylar o‘rnida – qulay infratuzilma va yashil zonalarga ega zamonaviy uylar qad rostlashi kerak. Bu jarayon birinchi bosqichda 2–3 qavatli uylarni qamrab oladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublika bo‘ylab 255 mingta xonadondan iborat 17 mingta 2–3 qavatli uylar o‘rniga, 900 mingta xonadonni o‘z ichiga oluvchi 7–9 qavatli zamonaviy uylar qurish imkoniyati bor. 255 mingta xonadon o‘rniga 900 mingtasi paydo bo‘lishi – zichlashtirish darajasi umumiy olganda 3,5 barobar bo‘lishini anglatadi. Bu bir tomondan 20 ming gektar yerni iqtisod qilish imkonini bersa, boshqa tomondan maktab, bog‘cha, avtoturargoh kabi obektlarga yuklama ham keskin oshishini anglatadi.
O‘tgan hafta Senat tasdig‘idan o‘tgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi normalarni belgilab beradi. Qonun matni hozircha e’lon qilinmadi. Hujjatning hozircha ma’lum bo‘lib ulgurgan jihatlaridan eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgani – renovatsiya uchun mulkdorlarning roziligiga oid.
Gap shundaki, o‘tgan yili qabul qilingan prezident farmonida “renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat berilishi” belgilab qo‘yilgan edi. Parlament har ikki palatalaridan o‘tib ulgurgan qonunda esa, 80 foiz mulkdorning roziligi yetarli bo‘lishi ko‘rsatilgan. Ya’ni kompensatsiya summasiga yoki umuman uyning buzilishiga oxirigacha qarshi turgan mulkdorlar oxir-oqibat sud tartibida mulkidan ayriladi va sud tomonidan belgilangan miqdordagi kompensatsiyaga rozi bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.
Urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning aytishicha, mulkdorlarning 100 foizi bilan kelishish amalda imkonsiz, chunki turli sabablar bilan mulk yoki meros huquqi rasmiylashtirilmagan, egasi vafot etgan yoki chet elda bo‘lgan holatlar – umumiy mulkdorlarning 13 foizgacha qismini tashkil etadi.
“Faqat davlat, invest kompaniya sotib oladi va u 80 foizgacha hamma bilan kelishadi. Shundan keyin qolgan 20 foizga aytadiki: “Men 80 foizi bilan kelishdim, kvadrat metr o‘rtacha narxi shuncha bo‘ldi, menda endi sudga kiritish vakolatim bor, kel, kelishaylik”, degan ma’noda. Ya’ni mana, 80 foizning huquqi bor-da, ularning ham huquqini o‘ylaylik. Mayli, bizda mulk huquqi degan tushuncha bor, lekin bir odam tufayli qolganlar azob chekmasligi kerak-ku, to‘g‘rimi?” – dedi Qudbiyev.
Renovatsiya masalasi seshanba kungi selektorda ham qayd etib o‘tildi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 2026 yilda renovatsiya dasturi doirasida kamida 30 mingta xonadon foydalanishga topshirilishi kerak. Shavkat Mirziyoyev bunga ehtiyoj yuqori manzillarni sanab o‘tdi: Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqtosh, Ishtixon, Bulung‘ur, Juma va Jomboy kabi shaharchalarda joylashgan “barak” tipidagi uylar shular jumlasidan.
“Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida bu – korrupsiya”
O‘tgan yili “assalomu alaykum bo‘lmaguncha, qurilishga ruxsat berishmaydi”, deya sohadagi korrupsiyadan ochiq shikoyat qilgan tadbirkor esingizdami? Qurilish vazirligi ming raddiya bergani bilan, u haqiqatni gapirgan bo‘lib chiqyapti. Keling, uning o‘sha so‘zlarini bir eslaylik:
“Yerni sotib oldik, ana endi ruxsatnoma olish kerak. Ruxsatnomaga “zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. “Zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. Toki haligi manziliga borib, “assalomu alaykum” bo‘lmaguncha (tadbirkor qo‘li bilan pul sanash ishorasini qiladi – tahr.). To‘g‘ri gapni gapirishimiz kerak. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri ertangi xarajatimizga ta’sir qilyapti. Misol uchun, bitta uyni 500 ming dollarga ko‘tarayotgan bo‘lsak, kimgadir 50 ming, kimgadir 100 ming, kimgadir 20 ming bo‘lib, u o‘sha joyga minib qolyapti”.
O‘shanda Qurilish vazirligi tadbirkorni tizim xodimlarining sha’niga loy choplashda ayblab, uning ustidan Ichki ishlar vazirligiga arz qilgan edi. Lekin vazirlik xuddi shu mazmundagi tanqidni takrorlagan navbatdagi shaxs ustidan shikoyat qilolmaydi.
“O‘tgan yili qurilish bilan bog‘liq 2 million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgan. Mas’ullar “Kamchiligi uchun qaytardik”, deb aytadi. Lekin ichiga kirib tahlil qilsa, masala ko‘p. Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida bu – korrupsiya!” – dedi Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kungi selektorda.
Yig‘ilishda urbanizatsiya va qurilish sohalari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarni qiynab kelayotgan qator muammolarga yechimlar berildi. Masalan, yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz, 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tiladi. Aholi punktlarining bosh rejalari yo‘qligi – yerlarni xususiylashtirishga to‘siq bo‘layotgani sabab, bosh rejalarni ishlab chiqish tezlashtiriladi. Ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish uchun tadbirkorlar ham o‘z taklifini ilgari surishi mumkin bo‘ladi.
Selektorda quruvchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi. Ular qurilish qilish uchun yer uchastkasini olgan sanadan e’tiboran kamida 2 yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi. Yiliga faqat bitta maxsus texnika importini ko‘zda tutuvchi cheklov bekor qilinadi. “Shaffof qurilish” platformasida lizingga olingan texnikalar uchun ham ball beriladi. Shuningdek, loyihalashga ruxsat olish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i uchun oldinma-ketin alohida-alohida emas, bir vaqtning o‘zida ariza qabul qilish orqali, quruvchilarning oylab vaqt yo‘qotishiga barham berilishi kutilmoqda.
Generalning ozodligi uchun 200 mlrd naqd
200 mlrd so‘m naqd pulni ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Agar hammasi eng yirik banknot – 200 ming so‘mlikda bo‘lsa, bu naq 10 ming dasta (!) pul degani. Sun’iy intellektning aytishicha, o‘rtacha hajmdagi sayohat jomadoniga taxminan 500 dasta pul sig‘adi. Demak, 200 mlrd so‘m deganda 20 ta jomadon to‘la pulni ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin.
Shunchaki qiziqishga qilib ko‘rgan bu hisob-kitoblarimiz bekorga emas, albatta. Kun.uz manbasiga ko‘ra, ichki ishlar vazirining korrupsiyada ayblanayotgan sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevni ozodlikka chiqarish uchun uning yaqinlari aynan shuncha – 200 mlrd so‘m pulni naqd shaklda davlatga topshirgan. Shundan keyin, yetkazilgan zarar qoplangani vaji bilan, generalga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilgan.
Bekmurod Abdullayev – 2021–2025 yillarda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari edi. 2026 yil yanvar oyida, Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov bilan bir vaqtda, talon-toroj ayblovi bilan qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgandi. Manbaga ko‘ra, Tursunov hozirda qamoqda qolmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Bekmurod Abdullayevni ozodlikka chiqarish uchun uni tadbirkor akasi moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani haqidagi farazlarni uchratish mumkin. Chunki, yaxshi gumon bilan aytganda, oylikka yashaydigan va biznes qilishi taqiqlangan davlat xizmatchisining o‘zida buncha naqd pul qayerdan bo‘lsin? Ko‘pchilikka tanish Bahodir Abdullayev – O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlardan, 20 dan ortiq xususiy korxonalarni birlashtirgan holding ta’sischisi. U o‘tgan yili avgust oyidan buyon “O‘zmetkombinat” AJ raisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Tasodifni qarangki, bu hafta “O‘zmetkombinat” nomini korrupsiyaga oid boshqa bir yangilikda ham uchratish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligi kombinatning Bahodir Abdullayevdan avvalgi raisi Dilshod Ahmedovni Interpol orqali xalqaro qidiruvga bergan. 2024 yil oktyabrdan 2025 yil avgustgacha O‘zbekiston Metallurgiya kombinatini boshqargan Ahmedov o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanmoqda.
Hafta davomida O‘zbekiston yana ikki nafar tadbirkorni xalqaro qidiruvga bergani oydinlashdi. Ulardan biri – “Ravshan Zolotoy” laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinov. Turkiyada yashaydigan 37 yoshli tadbirkor O‘zbekistonda jinoiy uyushma tuzish, bezorilik va mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash jinoyatlarida ayblanyapti.
Interpol ro‘yxatida paydo bo‘lgan, O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilgan yana bir shaxs – Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari Vladimir Dobrinin. 52 yoshli Rossiya fuqarosiga nisbatan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni o‘tkazish hamda pul yuvishga oid ayblovlar e’lon qilingan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank Humans ekotizimiga kirgan UPay to‘lov tashkilotini totalizator uchun to‘lovlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yishda ayblab, faoliyatini yarim yilga cheklab qo‘ygan edi. Keyinchalik UPay ham, Humans'ning o‘zi ham bankrot deb topildi. Undan oldinroq “O‘zbektelekom” va ayrim banklar Humans'ni sudga bergan, kompaniyaning Singapurdagi mulkdori esa O‘zbekiston ustidan xalqaro arbitrajga da’vo kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, yuqorida nomi tilga olingan shaxslarga oid jinoyat ishlari bir-biriga bog‘liq emas. Ular ketma-ket sanalgani sabab noo‘rin taassurot paydo bo‘lmasligi uchun, buni alohida qayd etib o‘tishimiz kerak. Faqatgina IIVning ikki sobiq mansabdori davlat xaridlari bilan bog‘liq bitta jinoyat ishi doirasida tergov qilinayotgani ma’lum. Shaxsat davlat rahbari ham tilga olgan bu jinoyat ishi haqida, mana uch oydirki, qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilmayapti. Jamoatchilik sud jarayonlarining ochiq-oshkora bo‘lishidan umidvor.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbek yigiti – shaxmat toji uchun rasman da’vogar! Javohir Sindorov Kiprda o‘tgan Nomzodlar turnirida g‘olib chiqdi. 20 yoshli shaxmatchimiz butun turnir davomida birinchi o‘rindan pastga tushmasdan, birorta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘ardi va bir paytlar Yan Nepomnyashiy 9,5 ochko bilan o‘rnatgan rekordni yangiladi. Javohir so‘nggi turlarda sovuqqonlik bilan duranglar qayd etib, jadvaldagi ustunligini saqlab qoldi va bitta tur qolganda chempionlikni rasmiylashtirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni telefonda shaxsan tabriklab, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladi. Eslatib o‘tamiz, Sindorov noyabr oyida Jahon kubogini yutganida, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi”ga aylangan edi. Uni oldinda olimpiada, yil oxirida esa shaxmat toji uchun Gukesh Dommaraju bilan tarixiy partiya kutyapti.
“Bunyodkor” futbol klubining moliyaviy ahvoli yomonlashib boryapti. Bu – “O‘zbekneftgaz” homiylikni to‘xtatgani bilan bog‘liq. Klub matbuot xizmati vakili Furqatbek Nishonovning so‘zlariga ko‘ra, qarzdorlik sabab stadion ham, akademiya ham issiq suv va svetdan uzib qo‘yilgan. “Yetib kelganimiz shu bo‘lsa kerak: “Bunyodkor” stadioni, akademiyasida 2 oydan beri issiq suv yo‘q edi, oylikni oxirgi marta dekabrda olganmiz, bugun butun akademiya va stadion hududida elektrni o‘chirishibdi”, deydi Nishonov. Uning aytishicha, bu yil davlat beradigan 35 mlrd so‘mning uchdan ikki qismi braziliyalik Rivaldodan qarzni uzishga ketadi.
Sirdaryo viloyati sudyasi 3600 dollar pora bilan ushlandi. Oliy sud axborotiga ko‘ra, u o‘z ish yurituvidagi iqtisodiy ishni tadbirkor foydasiga hal qilib berish evaziga shuncha pul olgan payti ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Toshkentda esa Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan uch nafar sudyasi garov evaziga ozodlikka chiqdi. Prokuratura ularni qamoqda ushlab turish muddatini 5 oyga surmoqchi bo‘lgan, lekin bu haqdagi ajrim apellyatsiyada bekor qilinib, qamoq ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilgan. Adolatsiz hukm chiqarishda ayblanayotgan uch sudyadan farqli o‘laroq, sud ishlarini hal etishga aralashish jinoyatida ayblanayotgan Toshkent shahar sudi raisining sobiq o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Murodjon Mirzajonov hamon hibsda. Uni qamoqda saqlash muddati uzaytirilgan.
Azim shahrimiz Toshkentni boshqarish – jamoatchilikka yopiq amaldorlar qo‘lida qoldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’lon qilgan ochiqlik indeksida, poytaxt hokimligi so‘nggi o‘rinni egalladi. Eng yopiq tashkilotlar qatoridan Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari ham o‘rin olgan. “Eng qizil” uchlikda “O‘zbekiston temiryo‘llari”ni ham uchratish mumkin. Ochiqlik borasida namunali davlat tashkilotlariga kelsak, yuqori beshlikdan “O‘zbekgidroenergo”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zavtosanoat” va Transport nazorati inspeksiyasi joy olgan.
Mavzuga oid
07:33 / 17.04.2026
Saudiyaning bir kilometrlik minorasi qurilishi 100-qavatga yetdi
18:01 / 15.04.2026
O‘zbekistonga smartfon va noutbuklar importining yangicha kanali ochiladi
11:44 / 15.04.2026
Qurilishdagi byurokratik talablar 2 barobargacha qisqarishi mumkin
19:54 / 14.04.2026