O‘zbekiston | 17:11 / 23.02.2017
9641
3 daqiqa o‘qiladi

MAK negizida loukoster kompaniya tashkil etiladi

Arzon aviakompaniyalar xizmatidan foydalanuvchi xorijiy sayyohlar oqimini “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi negizida loukoster (arzon narxlarda tashuvchilarni amalga oshiruvchi) kompaniyani tashkil etish bilan kengaytirish taklif etilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi saytiga joylashtirilgan «O‘zbekiston Respublikasida o‘rta istiqbolda turizmni rivojlantirish bo‘yicha Kontseptsiyasini hayotga tatbiq etish choralari to‘g‘risida»gi qarori loyihasiga taqdim etilgan harakatlar konsepsiyasida shunday choralar belgilangan.

Sayyohlarni xalqaro va ichki yo‘nalishlarda tashish uchun marketing tadqiqotlarini o‘tkazgan holda milliy aviatashuvchi raqobatbardoshligini ta'minlovchi charter reyslarni tashkil etish hamda charter reyslarini amalga oshirish uchun xorijiy aviatashuvchilarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. 

Bundan tashqari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tomonidan dunyoning istalgan mamlakatiga sayohatchilarni tashish bo‘yicha charter reyslarini doimiy asosda yo‘lga qo‘yishni tashkil etish ko‘zlangan. Bu kabi parvozlar mamlakat ichkarisi va xorijiy mamlakatlarga ham talablar bo‘lganda optimal narx-navo asosida amalga oshiriladi. Bu amaliyot sayyohlarni tashish bo‘yicha xalqaro aviatsiya tashuvlarida keng qo‘llanilib, doimiy aviareyslarni amalga oshirish natijasidagi tijoriy xarajatlarni sezilarli tejash imkonini beradi. Shunga ko‘ra, 

– O‘zbekiston hududi bo‘ylab sayohat qilayotgan sayyohlar uchun tariflarni pasaytirish choralarini ishlab chiqish va joriy etish, xususan, avia hamda temir yo‘l tashuvlarini subsidiyalash;

– havo qatnovlari qoidalarini liberallashtirish imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqish va “Ochiq osmon” siyosatini joriy qilish yo‘li bilan yirik xalqaro aviatashuvchilarni keng jalb qilish;

– mavjud aeroportlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib o‘tish punktlarini barpo qilish, vertolyot maydonlarini tashkil etish kabilar taklif etilmoqda.

Mavzuga oid