O‘zbekiston | 21:23 / 19.12.2022
30229
5 daqiqa o‘qiladi

Elektromobillarni ommalashtirish bo‘yicha prezident qarorlari e’lon qilindi

Elektromobillar va gibrid avtomobillarni ishlab chiqarish va chetdan olib kirish uchun investorlarga uzoq muddatli imtiyozlar berilmoqda. Davlat organlariga elektromobil xarid qilish bo‘yicha majburiyatlar yuklandi. 2 yil ichida zaryadlash stansiyalari sonini 2500 taga yetkazish choralari belgilandi (hozir ularning soni 70taga yaqin).

Bugun, 19 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish bo‘yicha ikkita qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2030 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi qismlari, jihozlar, xomashyo materiallari va servis xizmat ko‘rsatish uchun ehtiyot qismlari bojxona bojidan ozod etildi.

Investorlarga ishlab chiqarish jarayoni o‘zlashtirilgunga qadar (24 oygacha) yiliga 10 ming donadan (ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizidan) ko‘p bo‘lmagan elektromobillarni mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holatida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan olib kirishga ruxsat berildi.

Respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni sotib olishga olingan 360 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan kredit foizlarining 15 foizdan oshgan, biroq 10 foiz punktidan oshmagan qismi qoplash uchun kreditning dastlabki 36 oyida davlat budjetidan kompensatsiya to‘lanadi.

2030 yil 1 yanvarga qadar elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi shaxslar litsenziya uchun davlat bojidan ozod etildi.

2023–2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalar tomonidan elektromobillar xarid qilinishi bo‘yicha maqsadli parametrlar tasdiqlanmoqda.

2023 yil 1 yanvarga qadar mis klasterlarida elektromobillar va quvvatlantirish stansiyalari uchun butlovchi qismlar, shuningdek quvvatlantirish stansiyalarining zamonaviy turlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi.

Elektromobillar, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni, shuningdek, Yevropa, AQSh va Xitoy kabi davlatlar organlari tomonidan berilgan sertifikatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi tayyorlanadi.

Qaror bilan, respublikada elektromobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda ulardan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanmoqda.

Quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha choralar

2023 yil 1 dekabrga qadar avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz quyish shoxobchalarida kamida 1 dona (4 ta kanalli) 60 kVt quvvatli quvvatlash stansiyalari tashkil etiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab, yangi quriladigan savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obektlarida majburiy tartibda quvvatlash stansiyalari joylashtiriladi.

Quvvatlash stansiyalarining sonini 2024 yil yakuniga qadar 2 500 taga yetkazish (hozirda 70 taga yaqin) bo‘yicha hukumat dasturi tasdiqlanadi. Unga ko‘ra:

  • 2023 yilda elektr tarmoqlari, transformator va nimstansiyalarga tutash hududlardan 1 400 ta quvvatlash stansiyasini o‘rnatish uchun yerlar auksionga chiqariladi;
  • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga tutash hududlarda kamida 500 ta quvvatlash stansiyasini quradi;
  • 2023-2024 yillarda kamida 500 ta quvvatlash stansiyasini joylashtirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning bo‘sh hududlari “K-savdo” tizimi orqali auksionga chiqariladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Bunda, xizmat tarifi (narxi) elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat’i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi.

2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar:

  • quvvatlash stansiyalari va ular o‘rnatilgan avtomobil to‘xtash joylari joylashgan yer uchastkalari yer solig‘idan, shuningdek, quvvatlash stansiyalari mol-mulk solig‘idan;
  • asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlash xizmatini ko‘rsatish bo‘lgan tadbirkorlar foyda solig‘idan hamda transport vositalarini quvvatlash xizmatini ko‘rsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;
  • import qilinadigan quvvatlash stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi.

Quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish, ekspluatatsiya qilish va elektr quvvatiga ulash, shuningdek, xizmatlar bo‘yicha umumiy talablar va yagona standartlar belgilanadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 iyulgacha Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Turin politexnika universiteti huzurida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar laboratoriyasi tashkil etiladi. 2023 yilda 100 nafar mahalliy professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar rivojlangan davlatlarda malaka oshirishga yuboriladi.

Mavzuga oid