01:34 / 24.04.2023
23034

"O‘rganib chiqib, kerak bo‘lsa, rasmiy munosabat beramiz" – O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi xitoylik diplomatning so‘zlari haqida

Foto: ShHT axborot xizmati

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev xitoylik diplomat – Lu Shayning sobiq SSSR davlatlari haqida aytgan gaplari o‘rganib chiqilib, rasmiy bayonot berilishini bildirdi. Xitoy elchisi avvalroq possovet davlatlari “xalqaro huquq borasida samarali statusga ega emasligi”ni ta’kidlab, diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan edi.

“[Bu masalada] munosabat bildirishdan avval chuqur o‘rganib chiqishimiz kerak, hali bayonotning o‘zini ko‘rganim yo‘q.

Avval o‘rganib chiqib, rasmiy bayonot berarmiz yoki kerak bo‘lsa Xitoy elchisi bilan ikki tomonlama uchrashib… Ular nima haqida gapirayotganini bilishimiz kerak. Men sizga biror bir bayonot berishga yoki pozitsiyani aytishga tayyor emasman. Chunki bu bilan tanishishimiz kerak. Biz buni kuzatamiz, agar jiddiy bo‘layotgan bo‘lsa balki Tashqi ishlar vazirligimiz tomonidan bayonot berilar.

Agar shaxsan o‘zimning pozitsiyamga keladigan bo‘lsak, albatta bu noto‘g‘ri narsa. Mustaqil bo‘lganimizga 30 yil bo‘ldi va mustaqilligimiz uchun barcha asoslar va hujjatlar bor.

Yana bir bor aytaman, buni yaxshilab o‘rganish kerak. Balki Xitoy tomonining so‘zlari noto‘g‘ri traktovka qilingandir,” – deya O‘zbekistonning Fransiyada elchisi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Fransiyaning LCI telekanaliga intervyu bergan xitoylik diplomat Lu Shay sobiq SSSR davlatlari «xalqaro huquq borasida samarali statusga ega emasligi, chunki ularning statusiga suveren davlatlar kuchini taqdim etuvchi xalqaro kelishuv yo‘qligi»ni ham ta’kidlagandi. Xitoyning Parijdagi elchisi, shuningdek possovet chegaralari masalasida «behuda munozaralar»ni bas qilishga ham chaqirgan.

Mavzuga oid
Top