Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, intellektual mulk Yevropada YaIMning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizni tashkil etadi.

«Afsuski, mamlakatimiz bu borada dunyo bozoridan uzoqlashib ketdi. Na tegishli idoralar va na hudud rahbarlari intellektual mulk masalasiga e'tibor berdi. Shu sababli ixtirochi olim va ijodkorlarimiz xorijga chiqib ketdi. Ilmiy institutlarimiz innovatsiyalar, tarmoqlar esa xaridorgir ishlanma va brendlar yarata olgani yo‘q.

Bo‘lgan taqdirda ham aksariyat ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari bo‘yicha murojaatlar ilmiy ishni tezroq ro‘yxatdan o‘tkazib olish maqsadida qilinmoqda. Bu boradagi talablar ham eskirib qolgan», – deyiladi rasmiy relizda.

Yig‘ilishda intellektual mulk himoyasini kuchaytirish, har bir idora va tarmoqqa ilmiy yutuqlarni olib kirish masalalari muhokama qilingan.

Adliya vazirligi va Intellektual mulk agentligiga sohani rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Intellektual mulk yaratuvchilarini rag‘batlantirish, patent egalarini mukofotlash kabi imtiyozlar tizimini joriy qilish zarurligi ta'kidlangan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda yiliga 4 500 atrofida intellektual mulk obekti, jumladan, 2 mingdan ziyod tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tadi. Misol uchun, Navoiy kon-metallurgiya kombinati so‘nggi 10 yilda 35 ta ixtironi ro‘yxatdan o‘tkazib, ularning 16 tasidan 400 milliard so‘mdan ortiq iqtisodiy samara ko‘rgan. Bu ishlanmalarni boshqa davlatlarning oltin qazish korxonalariga sotish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

«Lekin bunday ixtirolar xorijda ro‘yxatdan o‘tkazib kelinmoqda. Chunki yurtimizda qiymatni baholash tizimi amalda ishlamayapti. Buning oqibatida ko‘plab ishlanmalar tijoratlashtirilmay qolib ketmoqda.

Shu bois Butunjahon intellektual mulk tashkiloti mutaxassislari bilan baholovchilar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi.

Kelgusi yil birinchi chorakda sanoat mulki patentlari platformasini yaratib, unga sanoat tarmoqlaridagi intellektual mulk obektlarini joylashtirib borish, viloyatlardagi korxonalar va oliy o‘quv yurtlarining intellektual mulk obektlari bazasini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘tgan yili 400 ga yaqin ixtiro, 110 ta foydali model, 170 ta sanoat namunasi, 36 ta seleksiya yutug‘i ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, atigi 43 ta ilmiy ishlanma tijoratlashtirilgan xolos. Shu bois bunday ilmiy yutuqlarning «elektron yarmarkasi»ni tashkil etish lozimligi ta'kidlandi», – deyilgan rasmiy xabarda.