Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu «Yuventus»ni tark etdi. Ijtimoiy tarmoqda u xususiy samolyotda Turindagi aeroportdan uchib ketgani aks etgan video tarqaldi.

Futbolchi o‘z agenti Jorjye Mendesh bilan o‘z kelajagini muhokama qilmoqda. Shu vaqtgacha uning keyingi jamoasi «Manchester Siti» bo‘lishi haqida aytilayotgandi. Endi Manchesterning ikkinchi jamoasi Ronalduni qaytarish payiga tushgan. Yaqin soatlar ichida uning keyingi jamoasi nomi ma'lum bo‘ladi. 

Allegri tasdiqladi

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Ronalduning klubni tark etish haqidagi qarori yuzasidan munosabat bildirdi.

«Kecha Krishtianu Ronaldu menga ortiq «Yuventus»da o‘ynamoqchi emasligini aytdi. Shu tufayli u ertangi o‘yinga chaqirilmadi. Undan xafa emasman. U ketishni istadi, bu uning tanlovi. U o‘ziga yangi klub izlamoqda, «Yuve»dagi uch yillik faoliyati uchun unga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Hayot shunday», degan Allegri.

Portugaliyalik futbolchi «Yuventus»ga 2018 yilda «Real»dan kelgandi. U klub safida ikki bor A Seriyada g‘olib chiqdi, ikki marta Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi, shuningdek, Italiya Kubogi sohibiga aylandi.

Gvardiola hali hech narsa hal bo‘lmaganini aytdi

«Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola Ronaldu uning klubiga kelishi haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

«Krishtianu qayerda o‘ynashni o‘zi hal qiladigan kam sonli futbolchilardan, buni na men va na «Manchester Siti» hal qiladi.

Ronaldu va Messi aql bovar qilmas futbolchilar. Ular so‘nggi 20-30 yillikning eng zo‘r futbolchilari», dedi u.

Bungacha Ronaldu «Man Siti»ga kelishi, inglizlar klubi unga 2 yillik shartnoma taklif etishi, «Yuventus» ushbu transferdan 25-30 mln yevro ishlab olishi haqida xabarlar berilgandi.

Ole sobiq jamoadoshini hamkorlikka chorladi

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher Krishtianu Ronalduning kelajagi borasidagi vaziyatga aralashdi.

«Biz hamisha yaqin muloqotda bo‘lib kelganmiz. Brunu Fernandesh ham u bilan gaplashib turadi. Ronaldu biz unga yaqin ekanimizni his qiladi. Agar u «Yuventus»dan ketayotgan bo‘lsa, bilsinki, biz shu yerdamiz.

Krishtianu - klubimiz afsonasi. Fikrimcha, u «Manchester Yunayted»da o‘ynagan tarixdagi eng zo‘r futbolchi. Omadim kelib u bilan birga to‘p surganman. Men uni shug‘ullantirganman ham. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin», dedi norvegiyalik mutaxassis.